Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida qishga tayyorgarlikda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni hal etish masalalari tanqidiy tahlil qilindi.

«Gaz tizimi bilan bog‘liq muammolar bugun yuzaga kelmagani, balki o‘ttiz yildan beri bizni qiynab kelayotganidan barchamiz xabardormiz. Lekin buni bahona qilishga hech kimning haqqi yo‘q», — dedi Prezident.

«Xalqimizga gaz kerak, ularning ko‘pchiligi buning uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida halol qilib, to‘lab kelmoqda», — qo‘shimcha qildi u.

Hozirda 1 mingdan ziyod mahalla, jumladan Andijonda — 429 ta mahalla, Namanganda -180 ta, Farg‘onada — 142 ta, Toshkent viloyatida — 73 ta mahallada tabiiy gaz bosimlari pasaygan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda gaz ta’minotida sutkasiga 20 million metr kub tanqislik mavjud.

«Shuning uchun, kuni-kecha gaz eksportini qisqartirish bo‘yicha topshiriq berdim. Buning hisobiga, kuniga 7−8 million metr kub gaz qo‘shimcha ravishda aholi ehtiyoji uchun yo‘naltiriladi», — deya ta’kidladi davlat rahbari. — «Shundan keyin ham gaz bo‘lmasa, xafa bo‘lmanglar. Qonun oldida javob berasizlar», — prezidentning Alisher Sultonov (energetika vaziri) va Mexriddin Abdullayevga («O‘zbekneftgaz» rahbari) qaratilgan so‘zlarini keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Aholi ehtiyojini qoplash uchun yana 217 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish vazifasi qo‘yildi. Samarasiz ishlayotgan 25 ta konni investorlarga «risk-servis kontrakt» shartlari asosida berib, tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish mumkinligi aytildi.