Poytaxtning Yashnobod tumanida joylashgan 103-sonli yordamchi internat-maktabi tarbiyalanuvchisi kaltaklanganligi yuzasidan Bosh prokuratura bayonot berdi.

11 dekabr kuni fuqaro K.Z. Yashnobod tumani IIO FMBga ariza bilan murojaat qilib, aqli zaif voyaga yetmagan qizi maktab-internatidan tan jarohatlari bilan kelganini ma’lum qilib, aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ma’lumotnomasiga ko‘ra, voyaga yetmagan qiz tanasida «O‘ng yelka sohasi va o‘ng ko‘krak sohasi, o‘ng ko‘krak sohasi ostki qismlari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi hamda ko‘karishi» kabi tan jarohatlari borligi aniqlanib, zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan va tegishli davo choralari tavsiya qilingan.

Shu bilan birga voyaga yetmagan qizning tanasidagi jarohatlarining kelib chiqish mexanizmi va og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid ekspertiza tayinlangan.

Jabrlanuvchi tanasida turli xil lat yeyish alomatlari aniqlangan va holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsman Aliya Yunusova ushbu holat yuzasidan «Gazeta.uz»ga izoh berib: «O‘quvchining kaltaklanish holatini nazorat ostiga oldik. Shubhasiz, aybdorlar bolaga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazolanadi», dedi.