Ijtimoiy tarmoqlarda «Jizzax Real qurilish ta’mir» MJCH direktori Shuhrat Sotvoldiyev imzolagan xat tarqaldi. Unda prezident topshirig‘i va bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tasdiqlagan hujjatga ishonib, Yoshlar Ittifoqi uchun Jizzax viloyatida 14 mlrd 343 mln so‘mlik binoni deyarli o‘z hisobidan qurgani qayd etilgan.

«Shundan sal kam 9 mlrd so‘mini hali olganim yo‘q. Yoshlar ittifoqining rahbarlari meni bir yarim yildan beri sarson qilib, adoi tamom qildi. Bor budimdan ayrilish arafasida turibman. O‘zimni o‘zim o‘ldirish darajasiga yetib keldim. 15 dekabr kuni tongda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi binosi oldida ochlik e’lon qilaman. Ittifoq pulimni so‘nggi tiyinigacha bermagunicha ovqat ham yemayman, suv ham ichmayman. Meni ortimda turgan 300 dan ortiq oilalar haqqi-hurmati bu nohaqliklardan o‘limga ham tayyorman», — deyiladi xatda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mazkur masala yuzasidan munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, qarzning bir qismi to‘lab berilgan.

«Shu kunga qadar «Yoshlar qurilish invest» MCHJning «Jizzax Real qurilish ta’mir» MCHJ oldidagi qarzdorligining jami 7,9 mlrd so‘m qismi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan qoplab berildi. Yana 1,5 mlrd so‘m qismi esa Jizzax viloyati hokimligi tomonidan ajratildi [02.12.2020 holatiga]. «Yoshlar qurilish invest»ning quruvchi oldidagi jami qarzdorligining 9,4 mlrd so‘m qismi qoplandi [bir oy oldin 5,6 mlrd so‘m edi]», — deyiladi xabarda.

Ittifoq, shuningdek, bunga qadar tegishli mutaxassislar ishtirokida «Yoshlar qurilish invest» faoliyati bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilganini ma’lum qilgan. Ta’kidlanishicha, audit tekshiruvi natijasida qator moliyaviy kamchiliklar aniqlangan va ular bo‘yicha MCHJ mas’ul xodimlaridan tushuntirish xatlari olingan. Ushbu masala kollegial organ muhokamasiga kiritilishi belgilangan.

«Biz quruvchining ish haqini olishi tarafdorimiz. Quruvchi ish haqini o‘zi so‘ragan muddat ichida to‘liq oladi. Shu bilan bir qatorda, byudjet mablag‘ini ham maqsadli ajratilishiga birinchidan qonun oldida, ikkinchidan vijdon oldida javob berish mas’uliyatini his qilgan holda, yuqoridagi masalani oxiriga yetkazamiz. Lekin muammoning shu darajaga kelib qolishiga sababchi bo‘lgan va bugun hech kimning ko‘ziga ko‘rinmasdan, o‘z manfaati yo‘lida „suvni loyqalatayotganlar“, albatta, qonun oldida javob beradi», — deyiladi tashkilot axborot xizmati xabarida.