Samarqand viloyati — elektr energiyasidan qarzdorlik bo‘yicha respublikada yetakchi, deya xabar berdi Aniq.uz.

Xabar berilishicha, Samarqand viloyatining elektr energiyasidan qarzdorligi 646 mlrd so‘mni tashkil qilib, shundan 553 mlrd so‘mi aholi qarzdorligiga tegishli.

Shuningdek, qarzdorlik bo‘yicha 2- va 3- o‘rinlarda Navoiy (qarz summasi 410 mlrd so‘m) va Andijon viloyatlari (qarz 273 mlrd so‘mni tashkil etmoqda, shundan 247 milliardi aholining qarzdorligi) turibdi.

Ayni paytda O‘zbekistonda «Hududiy elektr tarmoqlar» AJ tomonidan raqamlashtirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri — «Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «KT Corporation» kompaniyasi o‘rtasida elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazini tashqil etish bo‘yicha 2019 yilda bitim imzolangan.

Shuningdek, xabarga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab 7,4 mln dan ortiq iste’molchilarning barchasi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanishi rejalashtirilgan.

Hozirda jamiyatning o‘z mablag‘lari hamda qator xalqaro tashkilotlar investitsiyalari hisobidan 4,6 mln dan ortiq zamonaviy hisoblagich o‘rnatib bo‘lingan.