2021 yil davomida tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’moli uchun tariflar oshirilmasligi belgilanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP a’zosi Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

Deputatning qayd etishicha, mazkur norma 2021 yil uchun mo‘ljallangan Davlat byudjeti loyihasidan o‘rin olgan.

Shuningdek, bugun Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ishtirok etgan bosh vazir Abdulla Aripov ham buni tasdiqlab, bu aholi uchun yengillik yaratish va qo‘llab-quvvatlash yo‘lida qilinayotganligini bildirib o‘tdi, deb yozdi deputat.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev 2021—2022 yillarda elektr energiyasi tariflarini o‘zgartirishsiz saqlab qolishni topshirgan edi. «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev davlat rahbari elektr energiyasi korxonalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini tariflarni oshirish emas, balki ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish hisobida amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qilgan edi.