Birlashgan Millatlar Tashkilotining Loyiha xizmatlari bo‘yicha boshqarmasi (YUNOPS) huzurida Sanitariya va gigiyena jamg‘armasi tashkil etildi, deb xabar berdi BMTning Yangiliklar markazi.

Kelgusi besh yil ichida jamg‘arma odamlarni suv, hojatxona va qizlar gigiyenasi vositalari bilan ta’minlash loyihalarini moliyalashtirish uchun 2 mlrd dollar olishi kutilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari Amina Muhammad yangi moliyaviy mexanizmni ishga tushirish marosimida so‘zlar ekan, aholi salomatligi va uning turmush darajasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sanitariya holatiga bog‘liqligini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, COVID-19 pandemiyasi paytida yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishda gigiyena katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, pandemiya odamlarning sanitariya xizmatlaridan foydalanishidagi katta nomutanosiblikni keltirib chiqardi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, dunyo aholisining deyarli yarmi hali ham yetarli sanitariya sharoitidan foydalana olmayapti. Bundan tashqari, 892 million kishi hali ham ochiq havoda hojat chiqarishi kerak, 620 million bola hojatxonasi bo‘lmagan maktablarda o‘qiydi. Dunyodagi har beshinchi kasalxonada hojatxona va suv yo‘q.

«Agar sizning uyingizda hojatxona bo‘lmasa, qanday qilib pandemiya paytida izolyatsiya va gigiyenani ta’minlay olasiz? Ayniqsa, bu qizlar va ayollar uchun qiyin» , — dedi YUNISEF rahbari Genriyetta For. Uning so‘zlariga ko‘ra, uyda, maktablarda va shifoxonalarda sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish hashamat emas, balki zaruratdir. Uning aytishicha, ushbu imkoniyat butun dunyoga ulkan dividendlarni keltiradi.

Sanitariya sharoitidan foydalanishning yetishmasligi nafaqat inson salomatligi, qadr-qimmati va xavfsizligi uchun xavfli oqibatlarga olib keladi, balki katta iqtisodiy yo‘qotishlarni ham keltirishi mumkin. Zarar yiliga 222 milliard dollarni tashkil etadi. Bu asosan mahsuldorlikning yo‘qotilishi va sog‘liqni saqlash xarajatlarini o‘z ichiga oladi.