Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayevning ko‘ngillilar faoliyati to‘g‘risidagi so‘zlariga izoh berdi.

Eslatib o‘tamiz, 16 noyabr kuni yoshlar bilan uchrashuvda Toshkent shahar hokimi Assotsiatsiya yoki ko‘ngillilar federatsiyasini tuzish taklifiga javoban, ko‘ngillilik tushunchasini aniqlash zarurligini aytdi. «Volontyorlik, bu — kasbmi yoki haqiqatan yordam berishmi? Yoki bundan daromad olishmi? Shuning farqiga yetib bora olmayapman. O‘zi volontyor tushunchasi nima degani?», — dedi u.

«Lekin men birorta volontyorni qariyani oyog‘ini sovunlab yuvib qo‘yganini ko‘rmagandim», — deb qo‘shimcha qilgan edi Toshkent shahar hokimi. Shuningdek, u ko‘ngillilar federatsiyasini tuzish masalasini sinchkovlik bilan va har tomonlama o‘rganish kerakligini ta’kidladi.

Komil Allamjonov esa Toshkent shahrini hokimiyat eplolmay qolganida, aynan shu volontyorlar hayotini xavf ostiga qo‘yib, odamlar dardiga malham bo‘lganini eslatib o‘tdi.

«Tegilmagan shu volontyorlar qolgandi. Bu yoshlarga motivatsiya emas, qo‘liga bir uradigan tadbir bo‘libdi. Vaholanki, pandemiya davrida barcha yoshlar birlashdi, Toshkent shahrini hokimiyat eplolmay qolganida, aynan shu volontyorlar hayotini xavf ostiga qo‘yib, odamlar dardiga malham bo‘ldi. O‘sha paytda yordamga muhtoj bo‘lib, uyda yotgan ayrim qariyalarga oyog‘ini tog‘oraga suv solib, sovun bilan yuvish emas, balki sumkada tashilgan yeguliklar kerak edi. Endi ularni o‘rganish kerakmish. Ular daromad olyaptimi yoki ko‘ngilli yordamchilarmi, shuni o‘rganish kerakmish. O‘rganish emas, rahmat deyish kerak. O‘rganish kerak bo‘lsa, Toshkentda masala ko‘p», — dedi Komil Allamjonov.

O‘zining xabarini Komil Allamjonov #bo‘ldidaendi, #shaharbedarvozaemas, #lyubayabiznesxorosha, #mikrofonberilmasinshuodamga singari xeshteglar bilan yakunladi.

«Gazeta.uz» ga Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining xabar berishiga ko‘ra, hokim o‘z nutqida «yolg‘iz va kambag‘allarga yordam berishga bo‘lgan samimiy istak va firibgarliklar o‘rtasidagi nozik chiziqni» ko‘rsatishga uringan. Shahar ma’muriyatining so‘zlariga ko‘ra, «firibgarlar volontyorlar yig‘imi tizimiga kirib, barcha mablag‘ni olib ketishgan». «Ya’ni, ko‘ngillilar mablag‘ yig‘ish uchun foydalanadigan vositalarning o‘zi xavfli hisoblanadi va firibgarlar uchun yaxshi imkoniyat yaratmoqda».

Bundan tashqari, Jaxongir Ortiqxo‘jayev COVID-19 bilan kasallanganlar yotgan «O‘zekspomarkaz»ga volontyor sifatida kelib, ma’lum bir miqdorda maosh olganlarni misol qilib keltirgan.

Hokimlik shuningdek, «yordam berish istagi bilan yonadigan, yordam berish uchun o‘z vaqtlarini ayamaydigan volontyorlarga minnatdorchilik bildirdi».