Qashqadaryo viloyati safari chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshidagi Yoshlar markazida bo‘lib, yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda yoshlar muammolarini hal qilish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ochiq muloqot bo‘ldi.

— Men sizlarning ko‘zlaringizga qarab, ochiq muloqot qilgani keldim. Hamma yoshlar bilan ko‘rishishni xohlardim, lekin, afsuski, buning iloji yo‘q. Siz ularning vakillari o‘rnida joylardagi muammolarni, yoshlar istaklarini aytishingizni istardim. Shuning uchun qo‘rqmasdan, o‘z ota-onalaringga nima deyishni xohlasalaring, hamma fikrlaringni bemalol aytinglar, — dedi davlat rahbari.

Foto: prezident matbuot xizmati.

Yigit-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, «Yoshlar — kelajagimiz» davlat dasturi doirasida yillik rejaga qo‘shimcha mablag‘ ajratish zarurligi ta’kidlandi.

Qashqadaryo viloyatida 26 mingdan ziyod yoshlar ishsiz, tadbirkorlik rivoji mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha pastda ekani qayd etildi.

Davlat rahbari muboraklik yoshlarning taklifini qanoatlantirib, tumanda IT-park tashkil etish, elektron tijorat va dasturlash ko‘nikmalarini bepul o‘rgatish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi.

Kitob tumanidagi 150 o‘rinli Bolalar musiqa va san’at maktabida 310 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Mazkur muassasa o‘quvchilari uchun yetarli sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.

Yaqinda Serbiyada o‘tgan sambo bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi Musharraf Ibodullayeva davlat granti asosida o‘qishga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Uchrashuvda turli sohalarda o‘qiyotgan va ishlayotgan yoshlarning fikrlari eshitildi. Takliflari ma’qullanib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.