Vazirlar Mahkamasining 10 noyabrdagi «Tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

To‘liq avtomatlashtirilgan mazkur xizmatlar avvaliga Toshkent va Nukus shaharlarida, keyinchalik, 2021 yil 1 fevraldan boshlab barcha viloyatlar markazlarida, 2021 yil 1 sentyabrdan e’tiboran esa butun respublika hududida ko‘rsatiladi.

Qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq, tug‘ruqxona [shifoxona] xodimi bola tug‘ilganidan so‘ng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni «Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish» axborot almashinuvi tizimiga kiritadi. Ma’lumotlar avtomatik ravishda «FHDYO yagona elektron arxivi» axborot tizimiga yuboriladi.

FHDYO bo‘limi ma’lumotlarni qabul qilib olganidan so‘ng 3 ish soati ichida tug‘ilganlikni qayd etadi va dalolatnomani rasmiylashtiradi. Shuningdek, boshqa davlat xizmatlaridan kompleks tarzda foydalanishni ta’minlaydi.

Ma’lumotlar avtomatik ravishda Ichki ishlar, Maktabgacha ta’lim, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi axborot tizimlariga yuboriladi.

Axborot tizimlari orqali:

  • Tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limi — bolani 1 kun ichida tegishli manzil bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yadi;
  • Maktabgacha ta’lim vazirligi — maktabgacha ta’limni boshqarishning axborot tizimida so‘rovda ko‘rsatilgan bog‘chaga bolani avtomatik ravishda navbatga qo‘yadi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi — 1 ish kuni ichida ona ro‘yxatda turgan poliklinikaga [doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan yashash manzilidagi poliklinikaga] bolani ro‘yxatga qo‘yadi;
  • Pensiya jamg‘armasi bo‘limi — farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini avtomatik ravishda rasmiylashtiradi.

Chaqaloqning ota-onasi bola tug‘ilgandan boshlab 6 oy ichida bir martalik nafaqa pulini olish maqsadida Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilishi lozim [6 oydan keyin qilingan murojaatlar rad etiladi].

Yuqoridagi barcha holatlarda mas’ul tashkilotlar tomonidan murojaat etuvchiga [ota-ona yoki vasiyga] sms-xabarnoma orqali ariza holati haqida xabar yetkazilib turiladi.

Mazkur reglament talablari quyidagi holatlarda qo‘llanilmaydi:

  • Nikohda bo‘lmagan ota-onadan tug‘ilgan bolani ularning birgalikdagi arizasi asosida tug‘ilishini qayd etishda;
  • Topib olingan [tashlab ketilgan] bolaning tug‘lishini qayd etishda;
  • O‘lik tug‘ilgan bola tug‘ilishini qayd etish, hayotining birinchi haftasida o‘lgan [perinatal o‘lim] bolalarni, shuningdek, egizaklarning biri o‘lik tug‘ilganida yoki hayotining birinchi haftasida nobud bo‘lganida.