Bugungi kunda COVID-19 gumon qilinganda yoki hatto aniq tashxis qo‘yilgan biror kasallik hollarida ham ko‘pincha kompyuter tomografiyasi (KT) amalga oshiriladi. Xulosada keltirilgan foizlarda o‘pkaning zararlanish hajmi yoziladi. Bu raqamlar odamni qo‘rqitib yuborishi mumkin. Biroq KTdagi natija har doim ham kasallikning og‘ir kechayotganini anglatmaydi va chora ko‘rish uchun sabab bo‘lmasligi mumkin. «Meduza» KT natijalarining o‘ziga xos jihatlarini izohlaydi.

Xo‘sh, KT natijalari nimani anglatadi?

Kompyuter tomografisi aslida rivojlangan infeksiya tufayli o‘pkaning qaysidir foizi yomon ishlayotganini anglatadi. Koronavirus bilan kasallanganda o‘pka zararlanganini tavsiflashda shifokor odatda rentgenologiyada «xira shisha» va/yoki «konsolidatsiya» deb nomlanadigan o‘zgarishlarni ko‘radi. Ular tomirlar va alveolalar o‘rtasidagi to‘siq buzilganligi sababli paydo bo‘ladi va alveolalar tomirlardan kelgan suyuqlik bilan to‘ladi.

«Ammo alveolalarning barchasi ham hattoki „xira shisha“ zonasidagi alveolalar ham to‘liq suyuqlik bilan to‘lgan bo‘lmaydi, — deydi Kareliya Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining nurli diagnostikasi bo‘yicha bosh mutaxassisi, rentgenolog Anna Belozerova. — Shuni aytish lozimki, „xira shisha“ sohalarida gaz almashinuvi sezilarli darajada to‘sqinlik bilan kechadi». Natijada nafas olish qiyinlashadi.

Shifokorlar ba’zi hollarda, masalan, bemorni qaysi bo‘limga — oddiy yoki reanimatsiya bo‘limiga yotqizish to‘g‘risida qaror qabul qilishda yoki shifokor uchun kasallik dinamikasini ko‘rish muhim bo‘lganda o‘pkaning zararlanish darajasini bilishlari kerak bo‘lishi mumkin. Ammo qaror qabul qilishda shifokorlar KT natijalarini yaxshilashni o‘z oldilariga maqsad qilmaydilar — ular organizm faoliyatining boshqa ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratishadi.

Boshqa kasalliklar ham shu tarzda kechadimi?

Ha. Koronavirus bilan kasallanganda o‘pkaning zararlanishi haqida gapirganda, ko‘pincha biz u bilan birga rivojlanayotgan pnevmoniyani, ya’ni o‘pka yallig‘lanishini nazarda tutamiz. Bu boshqa kasalliklarda ham kuzatilishi mumkin. Masalan, pnevmoniya grippning asorati bo‘lishi mumkin va bu albatta, KTda ham ko‘rinadi. Ammo sizda eng oddiy ORVI bo‘lsa, ehtimol o‘pkada o‘zgarishlar bo‘lmasligi mumkin (yoki pnevmoniya bilan emas, balki boshqa kasalliklar bilan bog‘liq yoki normal qo‘rsatkichning bir ko‘rinishi bo‘lishi mumkin).

Zararlanish qanchalik ko‘p bo‘lsa, ahvol shunchalik yomonmi?

Aslida, bu savolga aniq javob berish qiyin. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bir xil tomografik tekshiruv natijalariga ega odamlarning ahvoli sezilarli darajada farq qilishi mumkin, shu bilan birga, o‘pkada jiddiy zararlanishi bo‘lgan odam mavjud alomatlar tufayli kasalxonaga tushishi ehtimoli ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, kasallik belgilari paydo bo‘lishining dastlabki kunlarida KT hech bir o‘zgarishni ko‘rsatmasligi ham mumkin. Yoki aksincha: o‘zgarishlar kasallikning tashqi belgilari paydo bo‘lishidan oldin ham ko‘rinishi mumkin. Kasalxonadan chiqqandan so‘ng esa, nihoyat, o‘zi nafas olayotgan odamning KTSi kasalxonaga qabul qilingandagi holatidan ko‘ra yomonroq bo‘lishi mumkin, chunki o‘pka hali tiklanishi kerak, ammo endilikda virus o‘pkaga zarar yetkazmaydi.

Kasallik turli xil kechgan odamlarning tomografik tekshiruvlarini taqqoslaganda, o‘pkaning ko‘proq zararlanishi tashxisning yomonlashishini anglatadi, ya’ni o‘lim xavfi ortadi. Ammo bu faqat dastlabki tadqiqotlar va har qanday holatda ham «xavfning oshishi» 100% kafolatni anglatmaydi. «KT ma’lumotlariga asoslanib bashorat qilish zoye ketgan mehnatdir», — deydi Anna Belozerova. — Erta-indin vaziyat keskin o‘zgarishi mumkin".

O‘pkaning qay darajada zararlangani qanday aniqlanadi?

Zararlanish darajasini «ko‘z bilan o‘lchash» mumkin. Ushbu yondashuv «empirik vizual shkalasi» deb ham ataladi. «[KTda] o‘pka bir millimetrlik qadamlar bilan kesmalangan», — deb tushuntiradi Anna Belozerova. — Biz [jarohatlanish darajasini] kesmalar davomiyligi bilan baholaymiz, ularni multfilm kabi tomosha qilamiz".

Rossiyada o‘pka zararlanishining darajalari beshta toifaga bo‘lingan:

  • KT-0 — hech qanday zararlanish yo‘q;
  • KT-1 — o‘pka hajmining 25 foizidan kamrog‘i zararlangan;
  • KT-2 — o‘pka hajmining 25−50% zararlangan;
  • KT-3 — o‘pka hajmining 50−75% zararlangan;
  • KT-4 — o‘pka hajmining 75% zararlangan.

Ammo ko‘z bilan o‘lchash yetarlicha aniq bo‘ladimi?

Zararlanish darajasini yangi tomograflarda ishlaydigan va hamma narsani avtomatik ravishda hisoblab chiqadigan maxsus dastur yordamida ham tekshirish mumkin. «Men «empirik vizual shkala»dagi taassurotlarimni dastur bergan natijalar bilan taqqosladim, — deydi Anna Belozerova. — Agar yuklama og‘ir bo‘lgan bo‘lsa va bemorga bir necha daqiqa sarflangan bo‘lsa, men eng yomon holatda taxminan 10%ga adashgan bo‘laman. Agar vaziyat yaxshiroq bo‘lsa, unda men 2−3 foizga adashganman. Bu tashxis qo‘yishda katta ahamiyat kasb qilmaydi».

Nurli va instrumental diagnostika bo‘yicha bosh mutaxassis Sergey Morozovning ta’kidlashicha, qabul qilingan ko‘rsatkich — bu shifokorlar uchun yetarlicha batafsil baho. «Zararlanishning aniq foizi talab qilinmaydi», deydi Morozov. «Bu klinik ahamiyatga ega emas».

Bundan tashqari, mutaxassisning fikricha, zararlangan sohani avtomatik ravishda hisoblash vositalari juda katta cheklovlarga ega, chunki «koronavirus davrida organizm ko‘pincha polimorfdir. Turli xil belgilar kombinatsiyasi bo‘lishi mumkin va barcha algoritmlar ham zararlanish darajasini aniq baholay olmaydi, ayniqsa bakterial infeksiya biriktirilganda». Boshqacha qilib aytganda, dastur uchun koronavirus davrida pnevmoniyani KTda turli xil ko‘rinishda namoyon bo‘lishi qiyinchilik tug‘diradi.

Men KTdan o‘tdim va uyga jo‘natildim. Endi nima bo‘ladi?

Natijalar bilan (shaxsan yoki masofaviy maslahat olish orqali) shifokorga murojaat qiling. Biroq birgina KT natijalari koronavirus bilan kasallangan odam kasalxonaga yotqizilishi yoki uyga qo‘yib yuborilishi kerakligi borasidagi qarorga asos bo‘la olmaydi. Shuning uchun shifokor sizning umumiy ahvolingizni baholaydi.

Yana bir tavsiya: KTda tekshirishni talab qilishdan oldin haqiqatan ham shu narsa sizga kerakmi yoki yo‘qmi, o‘ylab ko‘ring. Kasallik alomatlari bu tadqiqot beradigan natijadan ancha muhimroqdir. «Ko‘p tanishlarim va do‘stlarim [koronavirus bilan kasallanganda] nima qilishni so‘rab menga murojaat qilishadi, — deydi Sergey Morozov. — Ularga faqatgina birlamchi holatlardagina klinikaga borish yoki tez yordam chaqirish kerakligini aytganman. Asosan, men KT qilmaslikni, uyda tinchgina yotishni, haroratni pasaytirish uchun paratsetamol ichishni, ahvoli yomonlashgan taqdirda — shifokorga murojaat qilishni maslahat beraman».

Demak, o‘pkaning zararlanishi o‘tib ketadi va hech qanday asoratlari qolmaydi (mi)?

Asoratlar bo‘lishi mumkin va kimlarda bu hol yuz berishini taxmin qilish qiyin. Ammo aynan o‘pkaning zararlanishiga qarshi qandaydir maxsus kurashish usullari va bunga ehtiyoj ham yo‘q. O‘zingizni maksimal darajada yaxshi his qilish uchun har qanday holatda, ayniqsa, kasallik qiyin kechgan bo‘lsa, reabilitatsiyadan o‘tish muhimdir.

Oldinroq шифокор-ftiziatr Nadejda Shklovets koronavirusdan tuzalgandan keyin shug‘ullanish kerak bo‘lgan nafas mashqlari va tiklanish jarayoni bo‘yicha o‘z maslahatlari bilan o‘rtoqlashgan edi.