Tojiboyev Anvarjon Yo‘ldoshevich «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi, deya xabar berdi muassasa matbuot xizmati. Tayinlov haqida 4 noyabr kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning «O‘zbekkonsert» xodimlari bilan bo‘lib o‘tgan onlayn-yig‘ilishida e’lon qilingan.

Tayinlovgacha Anvarjon Tojiboyev Madaniyat vazirligi konsert-tomosha faoliyatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan edi. Endilikda u ushbu ikki lavozimda faoliyat olib boradi.

Anvarjon Tojiboyev faoliyati davomida «Yoshlar» teleradiokanali «Ma’naviyat» bosh muharririyati muharriri, «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi Bosh direktor yordamchisi, «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi Konsert-tomosha faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari va Madaniyat va sport ishlari vazirligida turli lavozimlarda ish olib borgan.

Ma’lumot uchun, iyun oyida «O‘zbekkonsert» ni 2017 yil oktyabridan beri boshqarib kelayotgan Odiljon Abduqahhorov o‘z lavozimini tark etdi. Undan keyin «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi direktori vazifasini vaqtincha bajarib kelgan Alisher Jamoliddinov direktorning ijodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida o‘z ish faoliyatini davom ettiradi.