Moliya va soliq sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning zamonaviy tizimini yaratish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Malaka oshirish markazi negizida Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institut tashkil etilishi kutilmoqda. Institutda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlanadi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, kunduzgi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos bo‘lgan yo‘nalishlar doirasida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida sirtqi ta’lim shaklida o‘qitish tashkil etiladi. Bunda talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning o‘qishi uchun to‘lov abituriyent bilan kelishilgan shartnomasiga muvofiq belgilangan shaklda amalga oshiriladi

Institutda kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida malakali kadrlar tayyorlashni buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning zamonaviy usullari, xalqaro soliqqa tortish, transfert narxlarni belgilash, tavakkalchiliklarni tahlil qilish, biznes-tahlil texnologiyalari (Business Intellegence) va soliq ma’muriyatchiligida ilg‘or axborot texnologiyalarini (Big Data) qo‘llash asosida tashkil etish belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, o‘quv jarayonida o‘qitishning zamonaviy shakl va metodlari, shu jumladan, pedagogik va axborot texnologiyalarini, masofaviy ta’limni, o‘qitish va treninglarni interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarini keng joriy etish, talaba, tinglovchi va pedagog kadrlarning global axborot-huquqiy hamda ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Rossiya Hukumati huzuridagi Moliya universitetining Institut tuzilmasidagi bo‘linmasi (fakulteti) moddiy-texnik ta’minoti joriy yilda Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab to‘lov-kontrakt asosida tushgan mablag‘lar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.