OAV sohasi mutaxassisi, GlobalVoices (Niderlandiya) xalqaro nashriyotining bosh muharriri Filip Nubel jurnalist Filipp Gajiliga bergan intervyusida ommaviy axborot vositalari va blogerlikning rivojlanishi o‘zbekistonliklarning zamonaviy dunyoga moslashishi uchun qanday yordam berishi haqida gapirib berdi.

— Siz O‘zbekistonda ro‘y berayotgan yangiliklarni kuzatib borasizmi?

— Men GlobalVoices’ning bosh muharririman, ya’ni 40 ta tilda chop etiladigan barcha nashrlar bilan ishlayman. Shuning uchun, albatta, men hamkasblarim nashrimizda yozadigan materiallarni o‘qib turaman. O‘zbekistonga kelsak, bu axborot faolligi Facebook va Telegram’ga o‘tgan mamlakatlardan biri, shu sababli menga juda qiziq.

— Facebook — ko‘pincha tanqidiy fikrlar uchun ishlatiladigan maydondir. Ammo hukumatning o‘zi tanqidiy fikrlarni eshitishni istayotgan bir paytda bunga javoban axborot maydonida tanqid qilishning boshlanishi — tabiiy hol deya olish mumkinmi?

— Menimcha, hammasi hissiyotlar bilan bog‘liq. Bundan tashqari, ko‘plab blogerlar o‘zlarini yulduz deb bilishadi. Shunday ekan, demak, siz ta’sirchan bo‘lib, yorqin obraz yarata olishingiz kerak. Axborot kuchli hissiyotlar ta’siridan o‘tishi kerakmi? Menimcha, bunda har xil manbalar, turli fikrlar, ularni taqdim etish usullari muhimroq hisoblanadi. Bu jarayonlarning barchasi hukumatning taklifi bilan kechayotganligiga kelsak, tanqidning borligi har qanday holatda ham yaxshi deb o‘ylayman. Tanqid mavjud bo‘lsagina jamiyat rivojlana oladi. Biz jamiyatda sodir bo‘layotgan jarayonlarni ko‘rishimiz lozim, bizga buni adolatli va malakali yorituvchi mutaxassislar kerak. Ammo, albatta, birinchi navbatda, ularning hissiyotlarga beriluvchanligi emas, balki haqiqatan ham xilma xil fikrlari muhimdir.

— Boshqa davlatlar blogerlari bilan taqqoslaganda, bizning blogerlarimizning auditoriya qamrovi katta emas. Agar sizning auditoriyangiz asosan Toshkentning ma’lum bir aholisi bo‘lsa, bu chindan ham qaror qabul qilishga ta’sir qilishi mumkinmi?

— 2000 yildan 2006 yilgacha men Bishkekda yashadim va, albatta, qo‘shni mamlakatlarda sodir bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lganman. O‘sha paytda O‘zbekiston yopiq mamlakat edi, demakki, boshqa mamlakatlarda bundan 20 yil oldin boshlangan jarayonlar sizning mamlakatingizda endigina boshlandi. Sizda barcha jarayonlar muzlatilgan edi, endilikda hammasi qayta tiklanmoqda. Haqiqiy bloger bo‘lish qanchalik qiyin ekanligini tushunish muhim. Barcha yangiliklardan xabardor bo‘lish, o‘qimishli va mas’uliyatli bo‘lish kerak. Auditoriya esa muammo emas, u asta-sekin o‘sib boraveradi. Qozog‘istonlik bloger menga bergan intervyusida avvaliga uning blogerligi hazil sifatida o‘ylab topilganini va hozirda u muvaffaqiyatga erishgan qozog‘istonliklarni taklif qilib, ular bilan intervyu olib borishini, har hafta dastur chiqarayotgani, hamjamiyat tuzgani va ko‘plab obunachilari borligini, ular hayotda uchrashib, muhim masalalarni — din, G‘arb, mavqe, genderga bo‘lgan munosabatlarni muhokama qilishlarini aytib berdi.

— OAV hamda blogerlar o‘rtasida qanday farq mavjud? Bizda ko‘pincha ular orasida tenglik belgisini qo‘yishadi.

— Bu konferensiya uchun mavzu! Darhaqiqat, ko‘plab mamlakatlarda auditoriya jihatidan ommaviy axborot vositalari bilan bemalol raqobatlasha oladigan blogerlar bor; bu haqiqiy ta’sir ko‘rsatish instituti. Ammo blogerdan bir xil mas’uliyat va malakani kutish adolatsizlikdir. Axir u shunchaki odam, nashriyotda esa hatto yurist faoliyat ko‘rsatayotgan butun bir jamoa ishlaydi, faktlarni tekshirish darajasi butunlay farq qiladi. Umuman olganda, OAV imkon qadar informativ va muvozanatli bo‘lishi kerak, blogerlar esa fikrlarni bildirishlari va izohlar berishlari kerak. Bu har xil vazifalardir va bu ikkala yo‘nalish ham jamiyatda bir vaqtda mavjud bo‘la olishi muhim.

— Ba’zida blogerlarning kanallarini OAVga tenglashtirish masalasi ko‘tariladi, ba’zida hukumat blogerlarni shunchaki tinglabgina qolmasdan, balki ularga quloq soladi. Bu ommaviy media maydonning rivojlanmaganligi va davlat muassasalarining zaifligini ko‘rsatmaydimi?

— Gapni uzoqdan boshlayman: men uzoq muddat Xitoyda yashaganman, u yerda advokatlar, muharrirlar va sudyalar bilan ishladim. Xitoyda «Agar sizda sud jarayoni kechayotgan bo‘lsa, advokat emas, balki bloger yollang» degan naql bor. U nima haqida? Sud tizimiga va qonuniy ravishda adolatga erishish imkoniyatiga ishonchning yo‘qligi to‘g‘risida. Bu esa ko‘plab mamlakatlarda sodir bo‘layotgan hodisalarning mohiyatidir. Hokimiyatga ishonmayotganlar va muammolarini qandaydir tarzda hal qilishni istaganlar, boshqa yo‘l bilan adolatni ta’minlashga yordam beradiganlarga murojaat qilishadi, ularga ichidagi borini to‘kib socha olishadi va barcha muammolar birdaniga hal bo‘ladi.

Bu so‘zsiz, har kim o‘z vazifasini adashtirgan butun jamiyatning muammosidir. Adolat bo‘lishi kerak. Agar siz sudda qatnashayotgan bo‘lsangiz, siz advokat yollaysiz. Agar sudga ishonmasangizchi? Shunda odamlar vaziyatdan chiqib ketishga harakat qilishadi va masalan, blogerga murojaat qilishadi. Ammo u xolis yondashmasligi, tamagir, hatto yolg‘onchi ham bo‘lishi mumkin. Bundan kelib chiqadiki, bloger advokat, sudya, prokuror rolini o‘ynaydi, ammo bunday mas’uliyatni bo‘yniga olish huquqiga ega emas. U aslida nima bo‘lganini qayerdan biladi? Kim haq va kim nohaqliginichi? U yozgan narsalar — shunchaki inflyuyenserning fikri, ammo nega darhol yugurib, uning aytganlarini bajarishadi? Bu kabi aralashuv mening ijtimoiy hayotimni butunlay va adolatsiz ravishda yo‘q qilishi mumkin. Siz blogersiz, demak siz OAVmi? Yo‘q. Siz blogersiz, demak siz advokatmisiz? Yo‘q. Siz blogersiz — siz sudyami? Yo‘q. Siz shunchaki o‘z izohlaringizni berishingiz kerak. Blogerning izohlari oddiy bir fikrlardan biri, ammo agar u hukm sifatida taqdim etilsa va hukumat ushbu hukmni o‘ylamasdan harakatga ko‘rsatma sifatida qabul qilsa, bu juda xavfli.

— Bugun bizda bloger — fikrlar yetakchisi, u XIX asrning oxirlarida yozuvchilar singari peshvo sanaladi. Axir butun dunyoda bunday emas, to‘g‘rimi?

— Buni boshqacha ham ta’riflash mumkin: XIX asrda aynan yozuvchilar fikrlar yetakchisi bo‘lgan. Nazarimda, fikrlar yetakchisi hamma joyda, har qanday sohada bo‘lishi mumkin, uning maydoni har qanday joyda bo‘lishi mumkin, u o‘zini televizor, ijtimoiy tarmoqlar, san’at orqali ifoda etishi mumkin. G‘arbda, hayratlanarli bo‘lsada, bu hali ham televideniye sohasi vakillari hisoblanadi. Bundan tashqari, bunday odam krossplatformal — bir nechta vazifani bir vaqtda bajaruvchi bo‘lishi mumkin. Bloger esa — u shunchaki o‘z blogiga ega.

— Ehtimol, bizning auditoriya hokimiyat va senzura tomonidan ko‘proq nazorat qilinadigan boshqa platformalarga, masalan, televideniyega u qadar ishonmas?

— Qo‘shilaman. O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar mashhurligining shiddatli ortishi sababi ham shunda, bu mutlaqo tabiiy va ijobiy jarayon. Bundan tashqari, televideniyening muammosi shundaki, ijtimoiy tarmoqlardan farqli o‘laroq, u tinglovchilar bilan muloqotga kirishmaydi.

— GlobalVoices nashriyotingizda mualliflar va tarjimonlar — ko‘ngillilar.

— Bizning nashriyot qirqta tilda ish olib boradi va mualliflar hamda tarjimonlarning aksariyati ko‘ngillilar. Ammo maqolalarni ko‘rib chiqadigan va tahrir qiladigan 25 nafar muharrir bor va ular muayyan miqdorda pul olishadi. Chunki bizning mualliflarimiz g‘oya, istak, ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin, ammo shu bilan birga bularning barchasini to‘g‘ri tatbiq qilolmasliklari ham mumkin.

— Homiylar va ko‘ngillilar ko‘magida faoliyat yuritish modeli — OAV uchun qanchalik samarali?

— Ko‘plab mualliflarimiz 20 yoshdan 60 yoshgacha va o‘zlarining daromad manbalariga ega. Ammo ular o‘zlarining ishlaridan tashqarida biror narsa haqida yozishni xohlashadi, ularning ijodkorlikka ishtiyoqlari baland. Va bu barqarorlikning asosidir. Bizda ikki turdagi mualliflar bor: birinchisi biz uchun doim yozadi, ular yillar davomida imkon qadar yozib kelishadi, bu ularning qadriyatlaridan biridir. Ikkinchisi esa tajriba, shuhrat va imkoniyatlarga ega bo‘lishni istagan yosh mutaxassislar. Ular ikki-uch yil yozib, yo‘q bo‘lib ketishadi. Lekin eng qizig‘i nimada, bilasizmi? Bir necha yil o‘tgach, ularning ko‘plari hayotlarining muayyan bosqichlarini bosib o‘tib, universitetni tugatib, hayotda qandaydir barqarorlikni qo‘lga kiritib, birinchi turdagi mualliflar sifatida qaytib kelishadi.

— Notijorat va foyda olishga yo‘naltirilgan OAV pozitsiyasi qanchalik kuchli?

— Bu juda munozarali mavzu — OAV modelining inqirozi hisoblanadi. Internet paydo bo‘lishi bilan eski tizim (obunachilar, reklama va adad) hamma joyda qulab tushdi. Hamma bir-biridan so‘ray boshladi: qanday yo‘l tutamiz? Fransiya misolini keltira olaman. U yerda ikkita mashhur nashriyot bor edi: biri biz kabi donorlar va ko‘ngillilar bilan ishlardi, ikkinchisida ko‘ngillilar bilan bir qatorda professional jurnalistlar guruhi va obuna tizimi mavjud edi. Sifatli materiallarni o‘qishni istasangiz — to‘lang. Shunday qilib, umuman notijorat nashr yopildi, ikkinchisi esa hali hanuz ishlamoqda. Bu ikkita biznes strategiyasini birlashtirishib, muvaffaqiyatga erishgan kamdan-kam uchraydigan omadli muvozanatning misolidir.

Yangi voqelikda nafaqat qiyinchiliklar, balki afzalliklar ham mavjud: o‘quvchingizni qanchalik yaxshi bilsangiz, shunchalik yaxshi reklama tanlashingiz mumkin. Hozir biz o‘quvchi haqida juda ko‘p ma’lumotlarga egamiz, uning dolzarb ehtiyojlarini osongina va mukammal darajada taxmin qilishimiz mumkin.

— Sizningcha, yana qanday strategiyalar samarali?

— Supermahalliy yangiliklar muvaffaqiyat qozongan. Bir manzil bo‘yicha ishlaydigan loyihalar mavjud va odamlar bunga qiziqishadi — chunki biz dunyodagi hamma narsalar haqidagi yangiliklarning hayotimizdagi o‘rnidan charchadik, ammo hali ham oldimizda yuz berayotgan hodisalarga qiziqamiz. Shuningdek, kontekst va ma’lum bir hodisaning boshqa hodisalar bilan qanday bog‘liqligini, jarayonning umumiy ko‘rinishini global miqyosda ko‘rishga yordam beradigan yangiliklar bugun qimmatli. Bugungi kun o‘quvchisi taltayib ketgan, bizda juda ko‘p manbalar, tillar, formatlar mavjud; miya men charchadim, bas, deydi. Shuning uchun, tushuncha va tushuntirish beruvchi va har birimizga tegishli bo‘lgan, shunchaki bilishimiz zarur bo‘lgan yangiliklar ko‘proq muvaffaqiyatga erishadi.

— GlobalVoices daromad olish uchun mo‘ljallanmagan. Bunday loyihalar qanday qiyinchiliklarga duch keladi?

— Asosiy muammo — loyiha yaratuvchisi, uning qarashlari va maqsadlari bilan donor o‘rtasidagi abadiy ziddiyat. Ishlash uchun sizga pul kerak, ammo uni kimdan olishni va kimdan olishning imkoni yo‘qligini bilish ham muhimdir. Shuning uchun donorni o‘zgartirishga va aniq axloq kodeksiga ega bo‘lishga doimo tayyor bo‘lish zarur. Bu juda muhim, chunki sizning imijingiz va sizni qanday qabul qilishlari donor bilan ham bilan bog‘liq. Agar siz mustaqil bo‘lishni istasangiz, ularni o‘zgartirishingiz kerak. Bu ko‘pincha majburan sodir bo‘ladi, chunki donorlarning o‘zlari loyihaga bo‘lgan qiziqishni yo‘qotadilar. Ya’ni, bu doimiy kurash. Yoqimsiz, biroq foydali jarayon. Pul bo‘lmasa nima qilasiz? Yoki loyihani yopasiz, yoki uni qayta ko‘rib chiqasiz, yoki uning dolzarbligiga ishonch hosil qilasiz va u uchun kurashishni davom ettirasiz.

— Nima uchun maydoningiz notijorat bo‘lib qoldi?

— GlobalVoices yaratilayotganda ko‘pgina mamlakatlarda internet ancha qulaylashdi va ko‘pchilik o‘z tillarida yozishni boshladilar. Dunyo muloqot qilayapti, siz esa bu haqda bilmayapsizmi? Bu bizning eski shiorlarimizdan biri. Yana bir narsa — nashriyot asoschisi amerikalik, u amerikaliklarga ular koinotning markazi emasligini, Qo‘shma Shtatlardan tashqari xilma-xil dunyo borligini ko‘rsatmoqchi edi. Ammo bularning barchasi ingliz tilida bo‘lmaganligi sababli, G‘arb buni e’tiborsiz qoldirdi. Dastlab bizning manbamizda boshqa tillardan ingliz tiliga tarjimalar qilinar edi, keyin boshqa tillar qo‘shildi. Nima uchun ko‘ngillilar tarjima uchun vaqtni sarflaydilar? Nima uchun bizda 40 ta til bor? Chunki odamlarga bu qiziq.

Bizning tuzilma ko‘p jihatdan gorizontal, chunki biz pul uchun ishlamaymiz. Barcha tarjimonlarimiz va muxbirlarimiz faollardir. Faollik pulga qarshi emas, lekin faollik uchun pul beshinchi yoki oltinchi o‘rinda, asosiysi — fikrni izhor qilishdir. Pulchi? Bo‘lsa — a’lo, bo‘lmasa — hechqisi yo‘q. Yana ikkita muhim masala bor. Agar biz pul olsak: bizga kim va nima uchun to‘laydi? Bizda qat’iy axloq qoidalari mavjud va biz uni zamon talablariga javob beradigan darajada yangilab boramiz. Shu bilan birga, har qanday homiyni ushbu qoidalarimizda toblashimiz kerak. So‘nggi bir necha yil ichida donor bilan nima sodir bo‘lganini ko‘rishimiz kerak. Biz ular bilan aloqador bo‘lishni xohlaymizmi? Biz buni jamiyatimizda muhokama qilamiz. Agar biz donorimizga ishonsak va pul biz uchun asosiy narsa emas degan shartga ko‘nsak, biz demokratik tamoyillarimiz va nomimiz uchun xotirjam bo‘lishimiz mumkin.

— Ommaviy axborot vositalarining ayrim shaxslar foydasiga xizmat qilish xavfi qanchalik yuqori?

— Neytralitet — ideal holat. Hech bo‘lmaganda hammamizning o‘z his-tuyg‘ularimiz va o‘tmishimiz borligi uchun ham. Shuning uchun men «muvozanat» so‘zini yaxshi ko‘raman. Agar siz hammaga o‘z fikrini bildirish imkonini yaratsangiz, vaziyatni ko‘rsatsangiz, kontekstni bersangiz, o‘quvchi ham to‘g‘ri xulosa chiqarish imkoniyatiga ega. Alohida shaxslarning foydasiga xizmat qilish esa nomaqbul yo‘l. Ommaviy axborot vositalarining maqsadi targ‘ibot emas, balki axborot berishdir. OAV jamiyat uchun ishlaydi va agar kuchli shaxsiy qiziqish bo‘lsa, unda bunday ommaviy axborot vositalari PR xizmatiga aylanib qoladi. Afsuski, korrupsiya hamma joyda bor, bu bizning tabiatimizning bir qismidir. Gap uning miqdorida, shuning uchun ham axloq qoidalari va qonunchilik bor, shuning uchun ham kimgadir bog‘liq bo‘lmaslik juda muhim: har bir kishidan 20 dollardan olish, bir kishidan bir million olishdan yaxshiroqdir.

O‘zbekistonda men ochiqlikni ko‘rayapman, turli ovozlar paydo bo‘lgan, siz cheklovlardan erkinlikka tomon harakatlanayapsizlar. Bu yo‘lda ko‘plab xavf-xatarlar mavjud, shuning uchun ko‘pchilikning qo‘rquvi o‘rinli, ammo baribir qo‘rqishning hojati yo‘q: sizning harakatingiz bag‘rikenglik madaniyatiga olib kelishi kerak. Agar shunday bo‘lsa, nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa yutuqqa erishadi. Axir, dunyo murakkab va o‘zgaruvchan, va uning butun xilma-xilligiga ko‘nikish kerak. Shunda siz ushbu global voqelikka kirasiz va bu integratsiya siz va qo‘shnilaringizga foyda keltiradi. Ushbu integratsiya qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lishi, avvalambor, adolat, iqtisodiy rivojlanish va demokratiyani kafolatlovchi samarali islohotlarga bog‘liq.

Filip Nubel — poliglot, sharqshunos, tarjimon, siyosatshunoslik va ommaviy axborot vositalari bo‘yicha xalqaro ekspert. Qirq tilda, shu jumladan o‘zbek tilida chop etiladigan GlobalVoices xalqaro notijorat OAV bosh muharriri.