2017 yildan boshlab respublika Gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha bironta normativ hujjat qabul qilinmagan. O‘zgidrometning xabar berishicha, samarali faoliyat yuritish uchun darhol hal etilishi zarur bo‘lgan ayrim muammolar mavjud.

«Bugungi kunda O‘zgidromet xodimlarining o‘rtacha ish haqi 1,3 mln so‘m, hududiy boshqarmalarda 1,2 mln so‘m, tuman va shaharlardagi kuzatuv bo‘linmalarda 800 ming so‘mni (!) tashkil etadi. Bu respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan deyarli ikki marta kamdir», — deyiladi markaz xabarida.

Aytilishicha, ish haqining pastligi sohaga malakali mutaxassislar, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini jalb qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Markaz axborotida, shuningdek, bu kabi sharoitlarda O‘zgidrometda 5−10 yil va undan ko‘p mehnat tajribasiga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar xuddi shunday lavozimlarda ish haqi 2−4 marta yuqori bo‘lgan boshqa sohalarga o‘tib ketayotgani haqida so‘z boradi. Oxirgi 3 yilda Yerning sun’iy yo‘ldoshlaridan olingan ma’lumotlarga ishlov berish, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari, ob-havo prognozlarini tayyorlash sohasidagi ko‘plab mutaxassislar O‘zgidrometdan ketgani, ularning aksari yetakchi milliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ekani ta’kidlanmoqda.

«Ish haqining pastligi O‘zgidromet xodimlarida ular ishining nufuzi yo‘qligi va keraksizligi to‘g‘risida tasavvur hosil qilgan», — deyiladi xabarda.

Markaz, shuningdek, gidrometeorologiya xizmatini me’yorda ishlashi va rivojlanishi uchun uning faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha tezkor choralar hamda tarmoqni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha qaror qabul qilish zarurligini ta’kidlagan.

Kadr yetishmovchiligi

O‘zgidromet rasmiy veb sahifasida berilgan эълонга ko‘ra, shu yilning 1 oktyabr holatiga markaz va uning hududiy bo‘limlarida jami 93 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. «Gazeta.uz»ning O‘zgidrometdagi manbasining ma’lum qilishicha, bir oy ichida yana to‘rt nafar xodim ishdan bo‘shagan. 1 noyabr holatiga bo‘sh ish o‘rni 97 tani tashkil etmoqda.

1 oktyabr holatiga O‘zgidrometdagi bo‘sh ish o‘rinlari. Foto: O‘zgidromet.

Ma’lumotga ko‘ra, Gidrometeorologik ta’minot xizmati boshlig‘i lavozimi vakantligi va oyligi 1 739 764 ming so‘m ekani, yordamchi ishchi lavozimida esa xodim 679 330 so‘m maosh olishi qayd etilgan. Eng ko‘p kadr yetishmovchiligi — 10 nafar birinchi toifali muhandis, 5 nafar ikkinchi toifali muhandis, 15 nafar muhandis, 7 nafar muhandis sinoptik, 15 nafar texnik xodim, 10 nafar texnik metereolog mutaxassisligi bo‘yicha kuzatilmoqda. Qolaversa, ushbu mutaxassislarga oliy ma’lumotli bo‘lishi talabi ham qo‘yilgan.

Texnologik muammolar

Markaz xabarida, ko‘pchilik insonlar O‘zgidromet faoliyatini faqat ob-havo prognozlari bilan bog‘lashi, biroq respublika gidrometeorologiya xizmatining faoliyati ancha kengligi aytilgan. Favqulodda holatlarda aholi va uning mol-mulkini asrashda ob-havo va iqlimi to‘g‘risida ishonchli va o‘z vaqtidagi ma’lumotlar juda ahamiyatli ekani qayd etilgan.

«Xalqaro tashkilotlar grantlari, byudjet va O‘zgidrometning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobiga kuzatuv tarmog‘i zamonaviy asbob-uskunalar bilan bosqichma-bosqich jihozlanmoqda, lekin dunyoda gidrometeorologiya sohasi texnik va texnologik jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda bu yetarlicha emas» — deyiladi markaz xabarida.

O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi qisqa, o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognozlari, daryolardagi suv hajmining oylik, choraklik prognozlari, fuqarolik aviatsiyasi uchun meteorologik ma’lumotlar, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel toshqinlari va ko‘chki xavfi, shuningdek Chimyon va Qamchiq dovonida qor ko‘chkilari to‘g‘risida ogohlantirishlar berib kelmoqda.

Bundan tashqari, mamlakat shaharlari va aholi punktlarida atmosfera havosi, tuproq ifloslanishi va radiatsiyaviy ifloslanish to‘g‘risidagi axborotlarni tahlili bilan shug‘ullanadi. Qolaversa, O‘zgidromet AES qurilishi loyihasi uchun hujjatlar tayyorlashda meteorologik va ekologik kuzatuvlar o‘tkazishda ishtirok etib kelmoqda.

Ko‘chki xavfi yuqori bo‘lgan stansiyalarga oziq-ovqat, yoqilg‘i va texnik uskunalar vertolyot orqali yetkazib berilmoqda. Foto: O‘zgidromet.

Hozirda O‘zbekiston hududida jami 323 ta meteorologik va aviameteorologik kuzatuv stansiyalari, gidrologik va agrometeorologik postlar, atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi punktlari, qor ko‘chki stansiyalari ishlamoqda.

Koronavirus pandemiyasi davrida gidrometeorologik ma’lumotlarni olish bilan bog‘liq murakkab vaziyatga qaramasdan, O‘zgidromet Mintaqaviy telekommunikatsiya markazi sifatida Markaziy Osiyo mintaqasining prognostik bo‘linmalarini zarur ma’lumotlar bilan ta’minlab kelmoqda.