Avvalroq, Qashqadaryo viloyatidagi GTL zavodi qurilishida ENTER Engineering kompaniyasining ko‘p miqdordagi ishchilari yig‘ilib, derazalarga tosh otgani, binolardan birida «pogrom» amalga oshirilgani aks etgan videoyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalganini ma’lum qilgan edik.

Voqeadan so‘ng, Energetika vaziri, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Qashqadaryo viloyati hokimi, «O‘zbekneftgaz» AJ vakillari 21 oktyabr kuni ertalab Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi GTL zavodiga borgan. U yerda mutasaddilar qurilish maydonchalarining birida yuz bergan noroziliklarda qatnashgan ishchilar bilan uchrashib, ularning dardini tinglagan va ko‘tarilgan muammolar hal etilishi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi aytilgandi.

Noroziliklarda ishtirok etgan ishchilarga nisbatan Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan 2020 yilning 26 oktyabr kuni xolat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 173-moddasi 2-qismi «v» bandi va 277-moddasining 2-qismi «b,v,ye» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Viloyat IIB Axborot xizmati xabar berishicha, namoyishlarda bezorilik yo‘li bilan korxonaning juda ko‘p miqdordagi mulkiga shikast yetkazish maqsadida, zavod qurilishiga jalb qilingan xodimlarning xizmat xonalariga ommaviy tartibda, jamiyatda o‘rnatilgan axloq-odob qoidalarini qasddan mensimasdan, bezorilik yo‘li bilan kirib, kompaniya xodimlarining xizmat xonalariga kirish eshiklari va deraza romlarining oynalari tosh va temir jismlar bilan qasddan urib sindirilgan.

«19 turdagi 14 mln 320 ming so‘mlik kuzatuv kameralari, 9 dona har xil turdagi jami 4 mln 365 ming so‘mlik yozuv stollari, 33 dona jami 27 mln 777 ming so‘mlik sovutkichlarga, korxonalarning hammasi bo‘lib 480 mln so‘mlik juda ko‘p miqdordagi mol-mulklarini yaroqsiz holatga keltirib, qasddan shikast yetkazishgan», — deyiladi IIB xabarida.

Korxonaning videokuzatuv kameralaridagi tasvirlar ko‘zdan kechirilib, ishga aloqador bo‘lgan ishchilar jinoyat ishi doirasida guvoh tariqasida so‘roq qilingan.

Noroziliklardan bir hafta o‘tgach olingan surat. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Noroziliklardan bir hafta o‘tgach olingan surat. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

Ma’lumot o‘rnida, hozirda loyiha 90,9 foizga bajarilgan. Qurilish maydonida esa jami 12 mingga yaqin ishchi (shundan Hindiston, Filippin, Ukraina, Rossiya, Belorus va XXR davlatlaridan xorijlik mutaxassislar 1 771 nafar) hamda 750 ta og‘ir va maxsus qurilish texnikasi ishlamoqda. Yil yakuniga qadar qurilish ishlari yakunlanib, 2021 yildan ishlab chiqarish boshlanishi ko‘zda tutilgan.