Turkiyaning Izmir provinsiyasida yuz bergan 6,6 balli zilzila qurbonlari soni 79 kishiga yetdi, deya xabar berdi «Onado‘li» axborot agentligi.

Ayni paytda jabrlanganlar soni 962 kishini tashkil etib, ulardan 743 nafari kasalxonalardan chiqarildi, 219 kishi esa davolanishda davom etmoqda.

Hozirda 8 ta turar-joy binosi vayronalari ustida qidiruv-qutqaruv ishlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, juma kuni Turkiyaning g‘arbiy qismida, epitsentri Egey dengizida bo‘lgan 6,6 balli zilzila sodir bo‘lgan edi. Buning oqibatida kichik sunami yuzaga kelib, Seferixisar shahri qirg‘oq ko‘chalarining suv bosishiga sabab bo‘ldi. Birinchi zilziladan so‘ng jami 1120 ta kuchsizroq zilzila qayd etildi, shulardan 43 tasida magnituda 4 balldan oshgan.