29 oktyabr kuni Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi «O‘zbekistonda milliy innovatsion tizimni modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirish uchun 50 mln dollar miqdorida mablag‘ ajratishni ma’qulladi, deya xabar berdi JB matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Loyiha davlat ilmiy-tadqiqot institutlari (ITI) va universitetlarda xalqaro darajadagi tadqiqotlarni o‘tkazishga hissa qo‘shadi va ularning ish natijalarini tijoratlashtirishga imkon beradi. Ushbu tashkilotlarning tadqiqotchilari 50 ga yaqin ilmiy-tadqiqot ishlarini, shu jumladan xalqaro tadqiqotchilar va xususiy sektor ishtirokidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtiradigan grantlarga ariza topshirishlari mumkin.

Tadqiqot mavzulari qayta tiklanadigan energiya manbalari, kam uglerodli texnologiyalar, tibbiyot va virusologiya sohasidagi turli mavzular, shu jumladan COVID-19 hamda boshqa ilm-fan va texnologiyalarning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘lishi mumkin. Loyiha doirasida moliyalashtiriladigan tadqiqotlar natijalari bo‘yicha xalqaro ekspert jurnallarida 50 ga yaqin maqolalarni nashr etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mahalliy firma va kompaniyalar mahalliy hamda xalqaro bozorlarda talabga javob beradigan yangi yoki mavjud innovatsion mahsulotlar va xizmatlarning startap va ilmiy-tadqiqot ishlariga sarmoya kiritish uchun 30 ga yaqin grant olishlari mumkin. Masalan, ular tibbiyot, farmatsevtika va biotexnologik mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqarishda, shuningdek ilm-fan va texnologiyaning boshqa istiqbolli yo‘nalishlarida loyihalarni moliyalashtirishga ariza topshirishlari mumkin bo‘ladi.

Taniqli xorijiy olimlar, tajribali venchur kapitalistlar va ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha mutaxassislardan tashkil topgan xalqaro maslahat kengashi moliyalashtirish va tegishli tadqiqot takliflarini tanlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ular taklif etilayotgan tadqiqotning ilmiy qiymati, innovatsion salohiyati yoki ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini aks ettiradigan aniq va ob’ektiv mezonlarga asoslanib qaror chiqaradi.

Loyiha doirasida alohida ilmiy-tadqiqot institutlari infratuzilmasi va laboratoriyalarini modernizatsiya qilishga mablag‘lar ajratiladi, ularning ro‘yxati tegishli tashkilotlarning ehtiyojlarini har tomonlama baholagandan so‘ng Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Shuningdek, loyiha mablag‘lari O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarni tijoratlashtirishni tartibga solish uchun zarur bo‘lgan qonunchilik bazasini tayyorlashga hamda ushbu sohalarda tegishli institutsional islohotlarni o‘tkazishga sarflanadi.