Ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Motors avtoulovlarini olib ketayotgan avtransport tirkamasi ishtirokidagi YTH aks etgan fotosuratlar tarqaldi. «O‘zavtosanoat» matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar berishiga ko‘ra, avtohalokat 24 oktyabr kuni Buxoro viloyatining Gazli shahri yaqinidagi A-380 avtomagistralida sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, ikki haydovchi boshqargan MAN avtotransport tirkamasi Urganch shahridagi dilerlik markaziga UzAuto Motors avtoulovlarini (5 ta Cobalt va 3 ta Nexia) olib ketayotgan vaqtida KAMAZ bilan to‘qnashgan.

Surishtiruv jarayonida KAMAZ haydovchisi rulda uxlab qolgan paytda boshqaruvni yo‘qotib qo‘ygan, natijada har ikki transport vositasiga ham, tirkamada olib ketilayotgan avtoulovlarga ham jiddiy zarar yetkazilgan. Shuni ta’kidlash kerakki, sodir bo‘lgan voqea natijasida hech kim jabrlanmagan, — deyiladi xabarda.

Suratlarda KAMAZning qum olib ketayotganligini ko‘rish mumkin.

Buxoro viloyati Romitan tumani YHX inspeksiyasi mutaxassislar ishtirokida voqea yuzasidan dastlabki tergov ishlarini olib bormoqda.

Foto: Telegram.

Foto: Exo Uzbekistana / Telegram.