O‘zbekistonda 2021 yil 1 martga qadar Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Bu taklif Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan «Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident farmoni loyihasidan joy olgan.

Hujjat loyihasida keltirilishicha, O‘quv dasturida o‘quv rejasini takomillashtirish va umumiy haftalik o‘quv yuklamasini kamaytirish hamda o‘zaro uzviy bog‘liq fanlarni birlashtirish hisobiga ularning sonini optimallashtirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ta’lim olishning kredit-modul tizimini bosqichma-bosqich joriy qilish maqsadida 2021 yil 1 iyunga qadar xalq ta’limi xodimlariga qayta tayyorlash va malaka oshirishga ixtisoslashgan davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida kreditlarni yig‘ib borish imkoniyatini yaratiladi.

2020−2021 o‘quv yilidan boshlab xorijiy talabalarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishni yilda ikki marta semestrning boshida tashkil qilinadi.

Shu bilan bir qatorda, farmonda 2022−2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasi (diplom ilovasi)dagi majburiy 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi kiritiladi va ushbu ko‘rsatkich oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinishi ta’kidlangan.

OTMlariga kirmoqchi bo‘lgan abituriyentlarning nazariy bilimlarini o‘zlashtirish darajasi bilan birga ularning mantiqiy fikrlashi, masala va misollarni bajara olishi qobiliyati va ta’limning keyingi bosqichiga tayyorgarligini baholaydigan, kompetensiyaga asoslangan test topshiriqlari ishlab chiqiladi

Bundan tashqari, 2021 yil 1 yanvarga qadar oliy ta’lim tashkilotlarining pedagogik bo‘lmagan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun shartnoma asosida qisqa muddatli pedagogik kurslari tashkil qilinadi.

Farmon loyihasida 2021 yil 1 mayga qadar har bir xodimning malaka oshirish jarayonlarini monitoring qilish va shaxsiy hisobini yuritish imkoniyatini ta’minlovchi «Uzluksiz kasbiy ta’lim» maxsus elektron platformasini ishga tushirish hamda 2021 yil 1 maydan boshlab nodavlat ta’lim tashkilotlari hamda pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim tashkilotlariga xalq ta’limi xodimlarining malakasini oshirish huquqini berish taklif qilinmoqda.

2021−2022 o‘quv yilidan boshlab ta’lim muassasalari bitiruvchilari o‘z kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatga erishishi uchun «kasbga yo‘naltirish tizimi»ni joriy etish rejalashtirilmoqda. Ushbu tizim orqali, 7-sinf bitiruvchilarida kasblar bo‘yicha birlamchi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish uchun pedagog hamda psixologlar tomonidan ularni professional tashxislash orqali kasbiy moyilligini aniqlash hamda turli tarmoqlar faoliyati bilan tanishish uchun shart-sharoitlar yaratilishi taxmin qilinmoqda.