BMTning Atrof-muhit dasturi (YUNEP), BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMTning Taraqqiyot dasturi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va boshqalar ishtirokida havo sifati, uning monitoringi hamda holatiga oid ma’lumotlar ochiq-oshkoraligi masalalari muhokama qilindi.

«Zamin» fondi хабарига ko‘ra, tadbirda «Zamin» fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ham ishtirok etib, ushbu masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan.

Ziroat Mirziyoyeva. Foto: «Zamin» fondi.

Ma’lum qilinishicha, transport vositalaridan chiqayotgan zararli is-gazlar, sanoat chiqindilari va ekotizimning buzilishi yildan-yilga havoning ifloslanishiga olib kelayapti. Oqibatda, onkologik, nafas respirator va yurak-qon tomir kasalliklari yildan yilga ortib bormoqda. Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun, avvalo havoning sifat monitoringini o‘tkazish zarur. Natijada havo ifloslanishi va uni inson salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini ko‘rish mumkin.

«Havoning ifloslanishi chegara bilmaydi. Bu barchamizga ta’sir qiladi va biz ushbu muammoni hal qilish uchun kuchlarni — hukumatlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, biznes va sanoat sohasini birlashtirishimiz kerak. Har bir inson toza havodan nafas olishga haqlidir. Hozir, global sog‘liqni saqlash inqiroziga duch kelgan paytimizda, bu ayniqsa muhim», — deya ta’kidladi BMT Atrof-muhit dasturining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Bruno Pozzi.

Foto: «Zamin» fondi.

«Zamin» fondi hamda YUNEP ko‘magida Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan «Atmosfera havosi ifloslanishining monitoringini avtomatlashtirish» loyihasi uch bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirda loyihaning birinchi bosqichi yakunlanib, 63 ta kuzatuv punkti yagona tahliliy markazga birlashtirilgan. Monitoring natijalari esa monitoring.meteo.uz ochiq onlayn platformasi va AirUz mobil ilovasida e’lon qilib boriladi.

Ikkinchi bosqichda butun respublika bo‘ylab avtomatik havo monitoringi stansiyalarini o‘rnatish va havo monitoringi uchun xalqaro standartlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Uchinchi bosqichda monitoring natijalari respublikadagi Yagona geoinformatsion ma’lumotlar bazasiga kiritilib, xalqaro axborot tizimlariga integratsiyalanadi.

Ushbu stansiyalar to‘liq ishga tushishi natijasida, havo sifati monitoringi xalqaro standartlarga muvofiq har soatda aniqlab turiladi. Fuqarolar o‘zi istiqomat qiladigan joyining havosini ifloslanganlik darajasini va uning sabablarini aniq bilish imkoniga ega bo‘ladi.