2021 yilda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi keng nishonlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 19 oktyabrdagi qarori bilan ushbu sanani nishonlash bo‘yicha dastur qabul qilindi.

Qaror bilan Alisher Navoiy hayoti va ijodini mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etiladi; Alisher Navoiy ordeni ta’sis etiladi; xorijiy davlatlarda saqlanayotgan Alisher Navoiy qalamiga mansub va u yashagan davrga oid qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini mamlakatga olib kelish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini tadqiq etish bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ilmiy loyihalar tanlovi e’lon qilinadi.

2021 yil oxiriga qadar O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Alisher Navoiy asarlari hamda navoiyshunoslik fani bo‘yicha amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarning elektron platformasi yaratiladi. 2021 yilda Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi tashkil etiladi.

2021 yil noyabr oyining birinchi o‘n kunligida Navoiy shahrida «Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi.

Bundan tashqari, umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida «Navoiy vorislari» g‘azalxonlik tanlovi, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari o‘rtasida «Navoiyni anglash» mavzusida insholar tanlovini o‘tkaziladi.

Hujjatda «O‘zbekkino» milliy agentligiga 2021 yil davomida Alisher Navoiy asarlari asosida badiiy va multiplikatsion filmlar, shoir hayoti va ijodi bilan bog‘liq yangi ma’lumotlar va manbalar asosida to‘liq metrajli badiiy-publitsistik film yaratish topshirildi.

Shuningdek, chet elda istiqomat qilayotgan o‘zbek tili mutaxassislari, tarjimonlarni jalb etgan holda Alisher Navoiyning asarlari chet tillarga tarjima qilinib, nashr etiladi va xorijiy mamlakatlarda taqdimotlari o‘tkaziladi.