9 oktyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov qirg‘iz xalqiga mamlakatdagi mavjud siyosiy vaziyat bilan bog‘liq yana bir murojaat bilan chiqdi, deya xabar berdi «Kabar».

Murojaatda u «mamlakatda siyosiy vaziyat juda muhim nozik nuqtaga yetganini» ta’kidlab, ijroiya hokimiyatining qonuniy rahbarlari tasdiqlanib, mamlakat qonuniylik yo‘lidan borishni boshlashi bilan prezidentlikdan ketishga tayyorligini aytdi. Sooronbay Jeenbekov vaziyatni to‘g‘rilash uchun zarur bo‘lgan shartlarni sanab o‘tdi.

«Jogorku Keneshga saylov natijalari bekor qilindi. Endi yangi parlament saylovlari tayinlanishi kerak. Ushbu masala bo‘yicha qaror MSK tomonidan qabul qilinadi. Ushbu choralar hozirgi mavjud siyosiy keskinlikni kamaytiradi», — dedi prezident.

«Shu bilan birga, inqirozdan oldin ishlagan bosh vazir va hukumat a’zolarini ishdan bo‘shatish kerak, bu esa yangi tayinlovlar uchun huquqiy asos yaratadi. Yangi bosh vazir va hukumat a’zolarini tayinlashni qonuniylashtirish uchun Jogorku Keneshning qarori va prezident farmoni kerak. Tegishli farmonlarni imzolashga tayyorman, Jogorku Keneshning qarorlarini kutaman», — dedi u.

Parlament a’zolari o‘z vazifalarini bajara olishlari uchun huquqni muhofaza qilish idoralari Jogorku Kenesh deputatlari xavfsizligini ta’minlashi shart, deya qo‘shimcha qildi Sooronbay Jeenbekov.

«Avval aytib o‘tganimdek, men davom etayotgan kadrlar almashinuvini qonuniylashtirmoqchiman. Men uchun hech qanday lavozim davlat yaxlitligidan, xalq birdamligidan va jamiyat tinchligidan yuqori emas», — deya ta’kidladi u.

«Mavjud vaziyatni iloji boricha tezroq tiklashimiz kerak. Ijro etuvchi hokimiyatning qonuniy rahbarlari tasdiqlangandan va mamlakat qonuniylik yo‘lidan borganidan so‘ng, Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti lavozimini tark etishga tayyor», — dedi davlat rahbari.

U barcha siyosiy kuchlarni «mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni saqlashga, odamlarni bo‘lishib olib, jamiyatnining tarqoq bo‘lishiga olib kelmaslikka» chaqirdi.

5 oktyabr kuni minglab odamlar Bishkekda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalariga norozilik bildirib, namoyishlarga chiqdi. Ertasi kuni Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qilishga majbur bo‘ldi.