1 oktabr kuni Toshkentning Mirzo-Ulug‘bek tumani Oqqo‘rg‘on mahallasida yashovchi shaxs o‘z xotinini kaltaklab, o‘ldirish bilan tahdid qilib, unga bolaning najasini yeyishga majbur qildi. Bundan tashqari, erkak qizini sodir bo‘layotganlarni kamerada suratga olishga majbur qildi.

Jabrlanuvchining hodisa haqidagi hikoyasi hamda videoyozuv zo‘ravonlikka qarshi «Nemolchi.Uz» («Sukut saqlama») loyihasi tomonidan e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, erkak 14 yil davomida xotini va bolalarini muntazam ravishda kaltaklab, psixologik va iqtisodiy zo‘ravonliklarga duchor qilib, xo‘rlagan.

«Bu yillar qo‘rquv va doimiy zo‘ravonlik ostida o‘tdi. U meni va bolalarni kaltakladi, masxara qildi va qiynadi. Ko‘pincha zarbalar boshimga tushardi va bir necha bor miyam chayqaldi. U kasalxonaga borishni taqiqladi, uyda o‘zim davolandim. Natijada — doimiy ravishda chidab bo‘lmas bosh og‘rig‘i. Mahalla va qarindoshlarim uni kechirishga ko‘ndirishdi va men o‘zim va bolalarim hayoti va salomatligidan doimiy qo‘rquv bilan yashab keldim», — deya ayolning so‘zlaridan iqtibos keltiradi «Nemolchi.Uz».

Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, otasi vafot etganidan so‘ng, eri uni onasining kvartirasini sotishga majbur qilgan, keksa ayolga sotilgan kvartira narxing yarmiga chetroqdan kvartira olib bergan. Onasining vafotidan keyin esa ikkinchi kvartirasini ham sotgan. Ayolning ta’kidlashicha, eri mulkni merosxo‘r bo‘lishini kutmasdan sotgan va pora bilan jarayonni tezlashtirgan.

«U buni meni o‘ldirish va kaltaklash bilan qo‘rqitish orqali amalga oshirdi. Bu pul qayerga ketdi — bilmayman, — deya tan oldi ayol. — Pulni qaytarib berishni so‘raganimda, men qog‘ozlarga o‘zim imzo chekkanimni aytdi va u meni majburlaganini isbotlamayman… Menda boshpana yo‘q. Tabiiyki, u menga ishlashga imkon bermadi. Men u bilan bitta tom ostida qolishim kerak edi».

Uning aytishicha, so‘nggi yillarda u erida g‘alati xatti-harakatlarni — tartibsiz nutqni, mast yurishni, kayfiyatning to‘satdan o‘zgarishini, asossiz tajovuzlarni ko‘rishni boshladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u spirtli ichimlik hidini sezmagan. Bu holatida u uni va voyaga yetmagan qizini bir necha bor kaltaklagan.

«2020 yil 1 oktyabr men uchun hech qachon unutmaydigan kun bo‘ldi! O‘sha kuni mayda-chuyda narsalarni bahona qilib, meni vannaxonaga olib kirdi va har doimgidek, o‘ldiraman deb qo‘rqitib, meni kichkina qizimning tuvakdagi najasini yeyishga majbur qila boshladi. Shu bilan birga, to‘ng‘ich qizining sochlaridan changallab, tepib, uni va onasini o‘ldiraman deb qo‘rqitib, kadr ortida qolishga urinib, sodir bo‘layotgan barcha voqealarni videoga olish va izohlashga majbur qildi», — deyiladi xabarda.

Ayolning aytishicha, eri oshxona taxtasi bilan uning qovurg‘asiga urgan, orqasiga sanchqi sanchib, tez orada o‘lishini aytgan va ko‘kraklariga qattiq zarbalar bergan. Bularning barchasi bolalarning (katta qizi 12 yoshda, kenjasi — 3 yoshda) ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan. Taxqirlash qo‘shnilarni chaqirib, yalangoyoq qochib qutulguncha 2,5 soat davom etgan.

1 oktyabr kuni ayolga yetkazilgan jarohatlar.

«Shundan so‘ng biz tez yordam va militsiya chaqirdik, lekin u eshikni ochmadi. Shunday qilib, biz ko‘chada qoldik. Qarindoshlarimiz bizni olib ketishdi, biz 4 kun kiyimsiz o‘tirdik. Kvartiraga faqat 6 oktyabr kuni militsiya va mahalla yordamida kirish mumkin bo‘ldi. Bungacha u hech kimga eshikni ochmagan», — dedi ayol.

IIBB izohi

Toshkent IIBB mazkur holat bo‘yicha izoh berdi.

Qayd etilishicha, ushbu video 1 dan 2 oktyabrga o‘tar kechasi suratga olingan. Xuddi shu kechasi 102 raqamiga ayol eri, 46 yoshli Rustam I. tomonidan kaltaklangani va tahqirlangani to‘g‘risidagi xabar kelib tushgan. Ayolga yetkazilgan jarohatlarning og‘irligini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Mazkur holat bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 110-moddasi 1-qismi («Qiynoqqa solish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Rustam I. hibsga olingan. Tergov davom etmoqda.

7 oktyabr kuni jabrlanuvchiga himoya orderi taqdim etilgan. Hozirda ayol va uning voyaga etmagan bolalari xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markaziga vaqtincha joylashtirilgan.

Avvalroq «Gazeta.uz» 25 yoshli ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan muntazam ravishda oilaviy zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan shunga o‘xshash hodisa haqida yozgan edi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qasddan tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.