Nvidia kompaniyasi neyrotarmoqlar va sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan Maxine xizmatini taklif qildi. U dasturchilarga o‘z mahsulotlarida videoqo‘ng‘iroqlar sifatini oshirishda yordam beradi. Bundan tashqari Maxine tovushdagi ortiqcha shovqinni bartaraf eta oladi. Texnologiya hozirda faqat bir guruh dasturchilar va Nvidia hamkorlariga sinov tariqasida taqdim etilgan.

Kompaniya ta’kidlashicha, Maxine texnologiyasining asosiy afzalligi — videoni siqish. Bu videoqo‘ng‘iroqlar tomonidan kelib chiqadigan tarmoq bosimini kamaytirishda yordam beradi.

Videoni siqish texnologiyasining ishlash namunasi. Video: Nvidia Developer kanali

Videoni siqishda platforma ekranning barcha qismini qamrash o‘rniga, alohida nuqtalarni tahlil qiladi. So‘ngra suhbatdosh qurilmasida algoritmlar yordamida video tiklanadi.

Bundan tashqari agar foydalanuvchi kameraga yon tomon bilan qarab turgan bo‘lsa, Maxine tasvirni to‘g‘rilaydi va foydalanuvchi suhbatdosh bilan yuzma-yuz gaplashishi mumkin. Agar foydalanuvchi videoqo‘ng‘iroq davomida harakatlansa, Nvidia uni doim kadrda ushlab turadi. Orqa fonni olib tashlash, virtual 3D-avatarlardan foydalanish kabi funksiyalar ham mavjud.

Maxine texnologiyasining imkoniyatlari. Foto: Vc.ru

Maxine texnologiyasi Nvidia kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Jarvis SDK yordamida videoqo‘ng‘iroq audiosini matn ko‘rinishida chiqarishi yoki boshqa tilga tarjima qilishi ham mumkin.