Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Bahromjon Nurmatov og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga viloyat hokimligi xabar berdi.

«Gazeta.uz» manbasining xabar berishicha, hokim o‘rinbosari COVID-19 dan davolanayotgan edi.

Bahromjon Satimbayevich Nurmatov 1986 yilda Toshkent politexnika institutini, 2000 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1986 yili To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 148-xo‘jaliklararo mexanizatsiyalashgan ko‘chma kolonnada ustalikdan boshlagan.

1998−2009 yillarda To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 7-mexanizatsiyalashgan ko‘chma korxona boshlig‘i, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 4-qishloq qurilish kombinati direktori, Namangan «Jamoa sanoat qurilish» assotsiatsiyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, raisi, Namangan viloyati hokimligining yagona buyurtmachi-injiniring kompaniyasi direktori lavozimlarida ishlagan. 2009−2016 yillarda Uchqo‘rg‘on tumani hokimi bo‘lgan. 2016−2017 yillarda yana viloyat hokimligining Yagona buyurtmachi-injiniring kompaniyasi direktori vazifasini egallagan.

U 2017 yildan buyon Namangan viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.