Uzbekistan Airways qo‘l yuklari tashuviga cheklovlar joriy etdi. Mazkur qaror ijtimoiy masofaga amal qilish, o‘rindiqqa joylashish vaqtini qisqartirish, shuningdek, yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari o‘rtasidagi ortiqcha muloqotni cheklash maqsadida qabul qilindi, deya xabar berdi aviakompaniya matbuot xizmati.

«Endilikda, havo kemasi sahniga faqatgina parvoz vaqtida zarur bo‘ladigan ayollar sumkasi, portfel, noutbuk, bolalar ashyolari solingan sumkani olib kirish mumkin. Boshqa narsalar esa qatnovga ro‘yxatdan o‘tilayotgan vaqtda bagajga topshirilishi shart», — deya qayd etdi tashuvchi.

Foydalanilmaydigan qo‘l yuki bepul tashish mumkin bo‘lgan bagajga qo‘shiladi. Ya’ni, belgilangan 8 kg qo‘l yukidan faqatgina 2 kg ni samolyot sahniga olib kirish mumkin. Qolgan 6 kg esa bagaj uchun ruxsat berilgan yuk miqdoriga bepul qo‘shiladi, deya aniqlik kiritdi kompaniya.