«Dori-darmon» AJ Rossiyaning grippga qarshi vaksina ishlab chiqaruvchilari bilan 1 million dozadan ortiq grippga qarshi vaksinani xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati. Hozirda «Sovigripp» vaksinasining 250 ming dozasi hududlarga yetkazib berildi.

Bundan tashqari 15 oktyabrga qadar 40 ming doza, 30 oktyabrga qadar 250 ming doza, noyabr oyida esa 500 ming doza «Flyu-M» vaksinasini yetkazib berish mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 26 avgustdagi «Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida 1 oktyabrga qadar barcha boshlang‘ich, umumiy o‘rta ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlari markazlashgan tartibda bepul grippga qarshi emlanishi belgilangan edi.