4 oktyabr kuni Samarqand viloyatida yuz bergan YTH oqibatida uch kishi vafot etdi va ikki kishi jarohatlandi, deya xabar berdi IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati.

Soat 20:30 da Tacuma rusumli avtomashinani boshqarib kelayotgan haydovchi qoraqalpog‘istonlik 42 yoshli Z.B. «Toshkent — Nukus» yo‘nalishi bo‘yicha M-37 avtomobil yo‘lining 96 kilometrida rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lni ajratib turuvchi o‘rtadagi beton to‘siqqa urilib, yo‘l-tansport xodisasi sodir qilgan.

Foto: IIV huzuridagi Tergov departamenti

Haydovchi Z.B. va yo‘lovchi 26 yoshli N.A. lar voqea joyida, boshqa bir yo‘lovchi 37 yoshli M.S. esa olgan tan jarohatlari oqibatida tuman tibbiyot birlashmasida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Shuningdek, avtomashinada bo‘lgan yana ikki nafar yo‘lovchilar 41 yoshli X.Q. va uning ukasi J.Q. lar turli xildagi tan jarohatlari olib tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Narpay tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi shu kunning o‘zida viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.