5 oktyabr kuni Stokgolmda har yili o‘tkaziladigan Nobel haftaligi boshlandi. An’anaga ko‘ra birinchi bo‘lib fiziologiya va tibbiyot sohasidagi sovrindorlar e’lon qilinadi. Ushbu mukofot olimlar Harvi Alter, Maykl Xouton va Charlz Raysga gepatit S virusini kashf etganliklari uchun topshirildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

«A va B gepatitlari viruslarini kashf etish oldinga qo‘yilgan muhim qadam edi, ammo qon bilan yuqadigan gepatitning ko‘p holatlari tushunarsiz bo‘lib qolgan edi. Gepatit S virusining kashf etilishi surunkali gepatitning qolgan holatlari sababini aniqlashga yordam berdi, shuningdek, qon tahlillari, yangi dori-darmonlarning yaratilishiga olib keldi va millionlab odamlarning hayotini saqlab qoldi», — deyiladi Nobel qo‘mitasining press-relizida.

Seshanba kuni fizika, chorshanba kuni kimyo bo‘yicha nobelchilar nomlari e’lon qilinadi. Payshanba kuni Adabiyot mukofotini kim olgani, juma kuni Tinchlik mukofoti va 12 oktyabr kuni esa Shvetsiya davlat banki tomonidan ta’sis etilgan iqtisodiyot bo‘yicha Alfred Nobel yodgorlik mukofoti kimga atalgani ma’lum bo‘ladi.