Rossiya Federatsiyasi hududidagi O‘zbekiston fuqarolarining yordamga muhtoj yana bir guruhi oktyabr oyining boshida mamlakatga qaytariladi, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligining Operativ shtabi axborot xizmati.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi va Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasiga Abxaziya hududida bo‘lib turgan 400 ga yaqin fuqarolarning O‘zbekistonga qaytishda ko‘mak berish to‘g‘risidagi murojaatlari kelib tushgan.

Muammoni hal etish maqsadida O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi Rossiya tomoniga fuqarolarni uylariga qaytarish uchun ularning Rossiya chegarasini kesib o‘tishlariga ruxsat olish yuzasidan yana bir bor tegishli murojaat yuborgan.

Yordamga muhtojlardan (ayollar, homiladolar, qariyalar va bolalar) iborat O‘zbekiston fuqarolarining birinchi guruhini oktyabr oyi boshlarida O‘zbekistonga qaytarish rejalashtirilgan.

«Qolgan fuqarolar Rossiya tomonidan Davlat chegarasini tranzit maqsadida kesib o‘tishga ruxsat berilgandan keyin O‘zbekistonga qaytariladi», — deyiladi Operativ shtab xabarida.

Ma’lumot uchun, sentyabr oyining o‘rtalarida Abxaziyada koronavirus pandemiyasi sababli qiyin ahvolga tushib qolgan 100 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi mamlakatning Rossiyadagi elchixonasidan vatanga qaytish uchun yordam so‘ragan edi. Ular o‘z murojaatlarida Abxaziyada O‘zbekiston elchixonasining yo‘qligi, Rossiya chegarasidan o‘tishda muammolar bo‘layotganini aytishgan edi.