Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi 24 sentyabrdan koronavirusga PZR-test ma’lumotnomalarini tasdiqlash uchun konsullik tekshiruvi tizimini joriy etib, laboratoriyalar ro‘yxatini yangiladi, deya xabar berdi elchixona matbuot xizmati.

O‘zbekistondan Koreya Respublikasiga borishni rejalashtirayotgan fuqarolar (jumladan, tranzit yo‘lovchilar) qo‘nishi bilan PZR uslubida o‘tkazilgan va elchixona klinikasidan tasdiqlangan COVID-19 testi manfiy bo‘lgan ma’lumotnomani (test parvozdan 48 soatgacha vaqt ichida o‘tkazilgan bo‘lishi kerak) taqdim etishlari lozim.

Ayni vaqtda Toshkentdan parvoz qilayotgan charter reyslarga faqatgina Koreya Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolari (O‘zbekiston fuqarolari) qabul qilinmoqda. Biroq amaldagi vizalarga ega bo‘lgan ko‘plab o‘zbek fuqarolari uchinchi davlatlar orqali Koreya Respublikasiga kirib kelmoqda, deyiladi xabarda.

Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, Koreya Respublikasiga uchinchi davlatlar orqali kirib kelayotgan o‘zbekistonliklar qo‘lida PZR-test natijasi manfiy bo‘lgan ma’lumotnoma bo‘lishiga qaramasdan, ulardan olingan namunalar bo‘yicha COVID-19 testi natijalari ijobiy chiqmoqda. Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, O‘zbekistondan uchib kelgan 421 nafar chet el fuqarosining 52 nafarida (12,4 foiz) koronavirus tasdiqlangan.

«Bu shuni ko‘rsatadiki, ba’zi odamlar PZR-testining salbiy natijasi haqidagi ma’lumotnomalarni soxtalashtirmoqda yoki salbiy test natijasini olish uchun shifoxonada qasddan noto‘g‘ri test o‘tkazilishiga erishishmoqda yoxud uchinchi davlat tranzit hududida kasallikni yuqtirib olishmoqda. Shu sababli Koreya Respublikasiga kelganida, COVID-19 testi ijobiy chiqqan ko‘plab holatlar aniqlandi», — deyiladi elchixona bayonotida.

Elchixona PZR-testining salbiy natijasi haqidagi ma’lumotnomani soxtalashtirish yoki nohalol yo‘l bilan Koreya Respublikasiga kirish uchun sertifikat olish jinoiy javobgarlik (1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki 10 million vongacha — 8,500 dollarga jarima), shuningdek, majburiy deportatsiyaga (kirishga taqiq bilan birga) kabi choralar qo‘llanilishiga olib kelishidan ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistondan Koreya Respublikasiga kelayotganlar orasida COVID-19 muntazam aniqlangan taqdirda, mamlakatga O‘zbekistondan kirishga to‘liq taqiq qo‘yilishiga qadar qat’iy choralar ko‘rilishi ehtimoli mavjud.

24 sentyabrdan elchixona tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdan Swiss Lab laboratoriyasi chiqarib tashlandi. Ayni vaqtda Korea №1 Laboratory tomonidan o‘tkazilayotgan testlar tan olinmoqda.

Hozirgi vaqtda Janubiy Koreyadan 23661 ta koronavirus holati rasman ro‘yxatga olingan, 21292 kishi sog‘aygan, 406 kishi vafot etgan.