29−30 sentyabrda butun O‘zbekiston hududi balandlikdagi siklon ta’sirida bo‘ladi. Respublika bo‘yicha bulutlilik ortishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

29 sentyabr kuni ko‘pchilik viloyatlarning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘adi. Faqat Qoraqalpog‘istonda, Xorazm va Buxoro viloyatlarida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi. 30 sentyabrda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona voydiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi. Baland tog‘li hududlarda yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli mavjud.

29−30 sentyabrda kunduzgi harorat 15−20 darajagacha pasayadi, bu iqlimiy me’yordan 6−8 darajaga pastdir.

1−3 oktyabrda butun mamlakat hududida ob-havoning yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha ayrim joylarga tuman tushishi mumkin. Tunda va ertalab sovuq havo oqimining ta’siri hali saqlanib turadi, harorat 5−8 darajagacha pasayadi. Kunduzi quyosh nurlari havoni asta isitib, harorat 22−25 darajagacha ko‘tariladi.