Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Namangan shahridagi Furqat va Guliston mahallalari o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan Namangan city qarorini bekor qildi. Bu haqda viloyat ma’muriyati matbuot xizmati xabar berdi.

«Nima qilaman buzib, odamlarni xavotirga qo‘yib. Undan ko‘ra, o‘sha yangi yerlarda qursam tezroq bitadi, odamlar ovora bo‘lmaydi. Yo buzolmaymiz, yo asfaltini qilolmaymiz — buziladigan mahallalarning — yo suv tortolmaymiz, yo odamlarning o‘zi bitta uy qurib, to‘y qilolmaydi. Shuning uchun men qaror qabul qildim, bu haqda rahbarlarning hammasini ogohlantirdim. Oldingi Namangan sity qarori bekor bo‘ladi», — deya ma’lum qildi viloyat hokimi.


O‘z navbatida, Namangan city qurilishi Namangan shahriga tumanlardan qo‘shib berilgan yerlarda amalga oshirilishi bildirildi. Shavkat Abdurazzoqovning ma’lum qilishicha, Namangan shahriga qo‘shni tumanlar hisobidan 3800 gektar yer maydoni qo‘shib berilgan.

«Biz yangi qurilishlarni shu hududlarda olib boramiz. Marg‘ilon ko‘chasida esa yo‘llar ta’mirlanib, yangi lotoklar o‘rnatilib, ko‘chalarning yorug‘ligi ta’minlanadi. Bundan fuqarolarimiz ham chetda turmasligi kerak. Ular xonadonlari obodligi, ko‘rkamligini ta’minlashlari, jinoyatchilikni jilovlashda hissalarini qo‘shishlari zarur», — dedi u.

Qayd etilishicha, Shavkat Abdurazzoqov Namangan shahridagi «Yuksalish» mahallasi hamda «Orzu» kichik sanoat zonasidan To‘raqo‘rg‘on tumaniga olib chiquvchi yangi yo‘l o‘tadigan hududni ko‘rsatgan. Yangi quriladigan yo‘l bo‘yida Smart city loyihasi amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Namangan city qurilishi loyihasi ilk bor 2018 yil may oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi chog‘ida taqdim etilgan edi. 2019 yilning oktyabrida viloyatning sobiq hokimi Xayrullo Bozorov va Saudiya Arabistonining Alqusaier company kompaniyasi bosh direktori Abdul Aziz al-Kusayr tomonidan 78 gektar maydonda Namangan Sity barpo etish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.