Ukrainaning Xarkov viloyatida An-26 samolyotining qulashi natijasida 25 kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi og‘ir jarohat oldi. Bu haqda RIA Novosti Ukraina bosh prokuroriga asoslanib xabar bermoqda.

Hammasi bo‘lib bortda 27 kishi bo‘lgan — Harbiy havo kuchlari Xarkov milliy universiteti kursantlari va ekipaj a’zolari. Samolyot o‘quv parvozini amalga oshirayotgan edi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halokatga dvigatelning nosozligi sabab bo‘lgan. Hodisa joyida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Ukraina prezidenti idorasi fojia tafsilotlari va sabablarini aniqlashtirish uchun davlat komissiyasi tuzilganini e’lon qildi.

Xarkov viloyatida 26 sentyabr motam kuni deb e’lon qilindi.