Marg‘ilon shahar tibbiyot birlashmasi rahbari Avazbek Madaminovich G‘aniyev qon bosimining keskin ko‘tarilib ketishi va miyaga qon quyilishi tashxisi bilan olamdan o‘tdi, deya xabar qildi Farg‘ona viloyati hokimiyati matbuot kotibi Muhammadjon Obidov.

Avazbek G‘aniyev (1958 yilda tug‘ilgan) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G‘aniyevning otasi, Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning akasi edi.

U 2013 yildan beri Marg‘ilon shahar tibbiyot birlashmasini boshqarib kelayotgan edi. Ilgari u Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tuman tibbiyot birlashmasi rahbari sifatida ham ishlagan.

Sentyabr oyi boshida Avazbek G‘aniyevning koronavirus bilan kasallangani to‘g‘risida xabar tarqaldi. Ammo 8 sentyabr kuni viloyat hokimligi ma’lumotni rad etib, tibbiyot xodimining pnevmoniya xastaligi va yuqumsiz bo‘lgan boshqa hamroh kasalliklar bilan ayni kunda Marg‘ilon shahar tibbiyot birlashmasi shifoxonasida davolanayotganini ma’lum qildi.