Qashqadaryoda soxta aksiyalarni pullab, moliyaviy piramida tashkil etgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi bir nechta fuqarolar murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi.

Unda T.R. va boshqalar o‘zlarini go‘yoki «N.» xorijiy kompaniyasining Qashqadaryo viloyatidagi rasmiy vakili sifatida tanishtirib, 17 ta xorijiy kompaniyaning soxta aksiyalarini sotish evaziga 2 ming nafarga yaqin fuqarodan jami 9 mln AQSH dollari yig‘ib olishgan.

Shuningdek, yanada ko‘proq pul mablag‘ jalb etish hamda mijozlar sonini orttirish maqsadida yig‘ilgan pullardan 800 ming dollarini odamlarga foiz hisobida berishgan.

Bundan tashqari, T.R. o‘ziga 78 ming dollarga Volkswagen, o‘g‘li A.N. nomiga 2 ta Lacetti avtomashinasini va Qarshi shahridagi savdo do‘konini sotib olib, jinoiy faoliyatdan olgan daromadlarni legallashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan T.R. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.