Laboratoriya tekshiruvidan o‘tgan 855 nafar xodim virus yuqtirganlikda gumonlanib, dastlabki xulosalar berildi. Ularda koronavirus alomatlari mavjud emasligini alohida ta’kidlash zarur, deya xabar qildi SSV matbuot xizmati Qashqadaryo viloyat SEOM ma’lumotlariga tayangan holda.

Koronavirusga gumon qilingan pedagoglar zaruriy dori darmon, tibbiy vositalar bilan ta’minlanib, shifokorlar tomonidan kuzatuvga olindi. Navbatdagi bosqichda esa virusni yuqtirganlikda gumonlangan pedagog xodimlar yana bir bor tekshiruvdan o‘tadi.

Ma’lum qilinishicha, umumta’lim maktablarida 2020−2021 o‘quv yilini karantin qoidalari va talablari asosida tashkil etish maqsadida viloyatdagi barcha pedagog xodimlar koronavirusga tekshirilmoqda. Viloyatda 1151 ta umumta’lim maktabi mavjud bo‘lib, ularda 55 562 nafar o‘qituvchi va boshqa xodimlar faoliyat ko‘rsatib keladi. Shu kunga qadar Qashqadaryo viloyat SEOM va uning shahar va tuman markazlari orqali 32 892 nafar pedagog xodimdan virus tahlillari olib o‘rganilgan.

Shu kunga qadar viloyat Sanitariya-epidemologik osoyishtalik markazining maxsus laboratoriyasida 201 319 nafar fuqarodan olingan tahlil natijalari ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 15 sentyabr 10:00 holatida viloyatda jami 1034 holatda COVID-19 bilan kasallanish qayd etilgan.

Ayni paytda esa virusni yuqtirib olgan 958 nafar bemor davolanib, sog‘ayganlarning umumiy ko‘rsatkichi 93 foizni tashkil qilmoqda.