Jizzakh Auto (Volkswagen Uzbekistan) kompaniyasi VAG konserni lineykasidagi ikkinchi brend — Škoda`ni O‘zbekiston bozoriga chiqarmoqda, deya xabar qildi «Na begu» Telegram-kanali muallifi malik Karimov.

Avvalroq zavod Volkswagen Caddy tijoriy avtomobillarini sotishni boshlagan edi. Škoda lineykasidagi birinchi avtomobil 2021 model yilining yetti o‘rindiqli Kodiaq krossoveri bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, avtoulovlarga oldindan buyurtma oktyabr oyida ochiladi va yetkazib berish shu oydan boshlanadi. Toshkentda ikkita dilerlik markazining ochilishi kutilmoqda.

«Menga ma’lum bo‘lishicha, mashinalar narxi qo‘shni davlatlarga yoki Rossiyaga qaraganda arzonroq bo‘ladi, keling rasmiy ma’lumotni kutib qolaylik», — dedi Malik Karimov.

Kompaniyaning «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, Škoda Kodiaq Rossiyaning Kaluga shahridagi «Grabsevo» texnoparkida joylashgan Volkswagen Group Rus zavodidan yetkazib beriladi.

Rossiyada avtomobil narxi komplektatsiyasiga qarab 21,5 mingdan 41,3 ming dollargacha o‘zgarib turadi.

Prezident qaroriga ko‘ra, birinchi bosqichda — 2020−2021 yillarda Volkswagen va Škoda avtomobillarini tayyor holda olib kirish rejalashtirilgan. Farg‘ona, Toshkent va Jizzaxda dillerlik va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari ishga tushiriladi. Ikkinchi bosqichga ko‘ra, 2022 yildan boshlab to‘liq ishlab chiqarish sikli tashkil qilinadi va investitsiyalar hajmi, avtomobil eksporti masalalari ham hal qilinadi.

21 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Volkswagen, Škoda va Isuzu avtomobillari bilan tanishdi. Ular oraisda Kodiaq ham bor edi.