O‘zbekiston Rossiyada ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksinalarni sotib olish va aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha imkoniyatlarni o‘rganib chiqmoqda. Bu haqda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev Rossiyaning «Kommersant’» nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari ta’kidlashicha, Xitoy hamda boshqa davlatlar O‘zbekistonni koronavirusga qarshi vaksinalar klinik sinovining uchinchi bosqichida qatnashish uchun taklif qilgan. Hozirda uchinchi bosqichda qatnashish yoki sinovlarning muvaffaqiyatli yakunlanganidan keyin vaksinalarni sotib olish masalalari muhokama qilinmoqda.

«Biz aholini emlash uchun dori vositalarini o‘z vaqtida sotib olishga tayyormiz, va bunda vaksinalarning xavfsizligi va samaradorligi katta ahamiyatga ega» — dedi Bahodir Yusupaliyev.

Uning aytishicha, Rossiyada ishlab chiqarilgan vaksina ham ko‘rib chiqilmoqda. «Biz u (vaksina — tahr.) Rossiyada ro‘yxatdan o‘tganligini va klinik sinovlarning uchinchi bosqichida ekanligini bilamiz», — dedi vazir o‘rinbosari. Bahodir Yusupaliyev bu boradagi muhokamalar mutaxassislar va hukumat tomonidan olib borilayotganini, ikki haftalardan keyin qandaydir qarorga kelinishi mumkinligi haqida aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, Rossiya bilan aviaqatnovlar qachon tiklanishi mumkinligi to‘g‘risidagi savolga, vazir o‘rinbosari sentyabrda ham tiklanishi ehtimoli mavjudligini ta’kidladi: «Agar kasallanish holatlari kamayib borsa, bu aviaqatnovlarning tiklanishiga olib keladi».

Bahodir Yusupaliyev koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga ham tayyorgarlik ko‘rilayotganini ta’kidlab o‘tdi. «Biz kutyapmiz va tayyorlanayapmiz. Kuz-qish mavsumi — bu boshqa infeksiyalar ham uyg‘onadigan davr, gripp va ORVI ham shular jumlasidan. Deyarli barcha karantin choralari yumshatilgan, aholi orasidagi kontaklar ko‘paymoqda, maktablar, bog‘chalar va oliygohlar ochilmoqda».

Avgust oyining boshida prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevga bir hafta muddatda yetakchi olimlar va tajribali shifokorlar bilan maslahatlashgan holda, vaksinani xarid qilish va mamlakat aholisi vaksinatsiyasini amalga oshirish yo‘llarini puxta o‘rganib chiqish topshirig‘ini bergan edi.

Oldinroq, ko‘plab farmkompaniyalar Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligini klinik sinovlarning uchinchi bosqichida bo‘lgan vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazishga shoshmaslikka chaqirayotgan edi. Ular sog‘liqni saqlash vazirligi vaksinaning so‘nggi klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishini kutishi kerakligini ta’kidlashdi.