Samarqanddagi «Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi» mansabdorlari 1 mlrd 258,3 mln so‘mni o‘zlashtirgan. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasining xabar berishicha, jinoyatni ochishda departament hamda DXX viloyat boshqarmalari xodimlari tomonidan to‘plangan hujjatlar asos bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Samarqand shahar hokimligi qoshidagi «Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi» davlat korxonasi mansabdor shaxslari 2017−2019 yillar davomida oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lib, korxonaning 74,6 mln so‘m mablag‘larini xizmat safari uchun asossiz chiqim qilishgan.

Shuningdek, xodimlarning ish haqiga asossiz ravishda 235,8 mln so‘m qo‘shib yozishgan hamda bankdan ish haqi uchun olingan 112,3 mln so‘mni xodimlarga tarqatishmagan.

Korxona mansabdorlari korxonada ishlamagan fuqarolarning kontrakt to‘lovi va boshqa xarajatlari uchun 137 mln so‘m mablag‘ o‘tkazishgan. Boshqa korxonalarga moliyaviy yordam sifatida 62,5 mln hamda korxonaning korporativ kartasidan 636,1 ming so‘m asossiz chiqim qilishgan.

Jami mansabdorlar davlat korxonasining 1 mlrd 258,3 mln so‘m mablag‘ini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan.

Bundan tashqari, «Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi» davlat korxonasi mansabdor shaxslari davlat korxonasi mulkini o‘zlashtirish yo‘li bilan qo‘lga kiritgan mablag‘larining 232,4 mln so‘mini Samarqand shahar Al-Xorazmiy ko‘chasida qurilgan ko‘p qavatli uydan 3 xona xonadonni sotib olish uchun «M.D.B» MCHJga o‘tkazib berishgan. Ya’ni, jinoiy faoliyatdan olgan daromadlarini legallashtirgan.

Holat yuzasidan departamentning viloyat boshqarmasi tomonidan «Tramvay liniyalarini ekspluatatsiya qilish direksiyasi» davlat korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 243-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.