Xorazm viloyati Shovot tumani «Arboblar» mahallasida yashovchi fuqaro Sh.Ro‘zimov va boshqalar 2 sentyabr kuni YouTube orqali O‘zbekiston ichki ishlar vaziriga videomurojaat yo‘llab, 26 avgust kuni ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida o‘zlariga nisbatan kuch ishlatilganini bildirishgan.

«Hayvonniyam bu darajada urishmaydi. Nima uchun kaltaklanganimni haligacha tushunganib yetganim yo‘q. Xo‘p, karta o‘ynaganlar nima bo‘lsa javobini bersin, lekin to‘yda xizmatda yurgan odamni o‘zidan-o‘zi organ xodimi kelib urmaydiku. Men oddiy xizmatda yurgan insonman, u yerda menga o‘xshagan qanchasi bor edi. Karta o‘ynamay xizmatda yurgan odamlar bor edi. Bizni agar qonun oldida jazoimiz bo‘ladigan bo‘lsa, qonun oldida javob berishga tayyormiz. Lekin organ xodimlariga bu darajada vakolat berilganmi, bu darajadagi huquq berilganmi? Po‘lat Razzoqovich (Po‘lat Bobojonovga — tahr.), oddiy halq sifatida sizdan shuni ko‘rib chiqishingizni iltimos qilamiz», — degan videomurojatda gapirgan shaxs (o‘zini Z.Xakimov deb tanishtirgan).

Bundan tashqari, fuqaro Sh.Ro‘zimov va boshqalar ularga nisbatan kuch ishlatilgani va haqorat qilishgani to‘g‘risida tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilishgan.

Murojaat mualliflarining barchasidan tushuntirish xatlari olinib, fuqaro D.Ataniyazov, Sh.Ro‘zimov, O.Yo‘ldoshev, U.Eshchanov, M.Adilov, J.Xakimov, Sh. Bakiyev va A.Yakubovlarda tan jarohati izlari bor yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida sud tibbiy ekspertizadan o‘tkazilgan.

Rasmiy munosabat

Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasi 3 sentyabr kuni ushbu vaziyat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ma’lumotlariga ko‘ra, videolavhada 26 avgust kuni Xorazm viloyatining Shovot tumanida tashkil etilgan qimorxonani fosh etish vaqtida ijtimoiy xavfli qilmishlariga chek qo‘yilgan bir guruh fuqarolar tomonidan murojaat yo‘llanganligi sababli, holat yuzasidan Xorazm viloyati IIB mas’ul xodimlari surishtiruv ishlarini olib bormoqda.

Surishtiruvning dastlabki natijalariga ko‘ra, 26 avgust kuni Shovot tumani Ichki ishlar bo‘limiga tumanning «Royat» mahallasida yashovchi fuqaro mahalladoshi J.Hakimovning xonadonida shubhali shaxslar yig‘ilganligi to‘g‘risida xabar bergan.

«Shu bois ushbu fuqarolarning nima sababdan tungi paytda shubhali tarzda yig‘ilganliklariga aniqlik kiritish maqsadida, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tadbir o‘tkazilgan», deyiladi xabarda.

O‘tkazilgan jarayonda, fuqaro J.Hakimovning uyida qonunga zid ravishda qimor o‘yinini tashkil etib, yirik miqdorda pul tikkan holda, qimor o‘yinlarida ishtirok etayotgan jami 21 nafar shaxs ushlangan. Ulardan qimorga tikilgan 43 mln so‘mdan ortiq qiymatdagi pullar, bir nechta pachkada o‘yin kartalari va sovuq qurollar (pichoqlar) ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Ayni kunda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 278-moddasi 1-qismi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Boshqarma xabarida aytilishicha, «qimorbozlarni qo‘lga olish jarayonida ular huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, hodisa joyidan qochishga uringanlar, faqatgina xodimlar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida buning oldi olingan».