O‘zbekistonda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari uchun statistik ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish bo‘yicha elektron jurnal ishlab chiqildi, deya xabar berdi Oliy Majlis Senatining axborot xizmati.

Pandemiya sharoitida dunyo bo‘ylab xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘paygani qayd etilmoqda. Bunday vaziyatda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarni reabilitatsiya qilish institutlarining faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.

Hozirgi paytda Respublikada 197 ta reabilitatsiya markazlari faoliyat yuritmoqda. Ma’lumotga ko‘ra, ushbu markazlarda o‘tgan yilning dekabr oyigacha 21 mingdan ortiq fuqarolarning murojaatlari qabul qilingan. Shundan 986 nafari erkak, 788 nafari bola va 19784 nafari ayol.

Gender bo‘yicha statistikani ishlab chiqish va uni tahlil qilish bu sohada tenglikka erishish usullaridan biri hisoblansada, shu paytgacha markazlarda zo‘ravonlik bo‘yicha vaziyatni tahlil qilish uchun kompleks ma’lumotlar yig‘ilmagan.

«Aniq va to‘liq ma’lumotlar xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik haqida jamiyatni xabardor qilishga xizmat qiladi. Bunday axborotning mavjud emasligi ushbu muammoni hal qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning samarasini baholashga imkon bermaydi», — deyiladi xabarda.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi tomonidan Shvetsiya elchixonasi ko‘magida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda BMT TDning «Davlat boshqaruvida va ijtimoiy-siyosiy xayotda ayollar faolligini oshirish» qo‘shma loyixasi doirasida Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlari uchun statistik ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish bo‘ycha elektron jurnal ishlab chiqildi. Bunday ma’lumotlarni yig‘ish O‘zbekistonda birinchi marta amalga oshirilmoqda.

Ushbu jurnal bir qator xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish asosida ishlab chiqilgan. Ma’lumotlar bazasini shakllantirishda zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarning anonim bo‘lishi lozimligi hisobga olinadi.

«Avgust oyidan boshlab shelterlarning har bir mintaqaviy bo‘limi zo‘ravonlik qurbonlarining murojaatlaridan kelib chiqib to‘ldiradi. Har oy oxirida markazlar yangilangan ma’lumotlarni respublika reabilitatsiya markaziga yuboradi. Shu tariqa, gender masalalari bo‘yicha aniq ma’lumotlar to‘planadi», — deyiladi Oliy Majlis Senatining axborot xizmati xabarida.