O‘zbekistonda sentyabrda, ayniqsa uning birinchi yarmida odatda ob-havo issiq va kam bulutli bo‘ladi. Qisqa muddatli yomg‘irlar faqat ayrim kunlarda ko‘proq tog‘li va tog‘oldi hududlarda kuzatilishi mumkin, deya xabar qildi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Sentyabr oyida ob-havo ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichlarga yaqin bo‘ladi. Tungi harorat 15−20 daraja atrofida bo‘ladi, kunduzi 32−37 darajadan 25−30 daraja issiqqacha o‘zgarib turadi.

31 avgustda Volgabo‘yi hududidan nisbatan nam va salqin havo oqimi kirishi natijasida ob-havo o‘zgaradi. Respublika bo‘yicha bulutlilikning ortishi, ob-havoning yog‘ingarchiliksiz bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent viloyatining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Kunduzgi harorat 1−2 darajaga pasayadi va 28−33 daraja atrofida bo‘ladi, bu me’yordan sal past haroratdir.

Sentyabrning ilk kunlari ob-havo asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Harorat kechasi 15−20, kunduzi 30−35 daraja atrofida bo‘ladi.

Respublikaning tog‘li va tog‘oldi tumanlarida 30−31 avgust va 1−2 sentyabr kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.