2022 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tilishi rejalashtirilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammitiga tayyorgarlik bo‘yicha bir qator ob’ektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlarida jami 7,4 mlrd so‘m pul talon-toroj qilingani va noto‘g‘ri sarflangani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 16 martdagi qarori bilan Samarqand viloyati hokimligi huzurida Obodonlashtirish va farovonlikni oshirish jamg‘armasi tashkil etilgan. Jamg‘arma hisobidan viloyat hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida hududiy infratuzilmani yaxshilash va obodonlashtirish maqsadida suv ta’minoti va kanalizatsiya, ichki yo‘llar, ijtimoiy ob’ektlar kabi 10 ta yo‘nalishda qurilish va ta’mirlash, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga qaratilgan tadbirlar olib borilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura tomonidan Samarqand shahrida navbatdagi sammitni o‘tkazishga tayyorgarlik borasida amalga oshirilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari o‘rganilganda bir qator qonunbuzarchiliklar qayd etilgani aniqlandi.

Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 18 sentyabrdagi 783-qaroriga asosan tuzilgan ro‘yxatdagi avtomobil yo‘llariga oid 4 ta, ichimlik va oqova suv tarmoqlariga oid 8 ta ob’ekt qurilishi noqonuniy ravishda, ya’ni pudratchilarni tender orqali aniqlamasdan, loyiha hujjatlarini tayyorlash bilan birgalikda olib borilmoqda.

Bundan tashqari, viloyatdagi ob’ektlar qurilishida mablag‘dan to‘g‘ri foydalanilishi ustidan moliyaviy nazorat hamda qurilish me’yorlari va qoidalariga rioya etilishi ustidan texnik nazorat to‘g‘ri tashkil etilmagan. Bu esa ajratilayotgan pullarning talon-toroj qilinishi, ishlarning sifatsiz bajarilishiga sabab bo‘layotgani ma’lum qilindi.

Xabarda ta’kidlanishicha, hozir aniqlangan holatlar yuzasidan 5 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov o‘tkazilmoqda.

Misol tariqasida Bosh prokuratura quyidagi qonunbuzarchilik holatlarini keltirdi:

  • Samarqand shahar Afrosiyob ko‘chasining 1,9 kilometrlik qismida «F.G.» MCHJ ichimlik va oqova suv tarmoqlarini o‘rnatgan, «S.Y.» UK ko‘chaning ayni shu qismiga asfalt yotqizgan. Biroq 2020 yilning aprel oyiga kelib yo‘lda ko‘plab notekisliklar hosil bo‘lib, yotqizilgan asfalt yaroqsiz ahvolga tushib qolgan.
  • Suv tarmoqlarini tortish hamda asfalt yotqizishning qonuniyligi o‘rganilganda, pudratchilar tender o‘tkazmasdan tanlangani, qurilish loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan parallel ravishda, ekspertizadan o‘tkazilmasdan turib olib borilgani aniqlandi. Shuningdek, oqova suv tarmog‘ini tortishda qurilish me’yorlari qo‘pol ravishda buzilgan. Jumladan, 85 mln so‘m pul qo‘shib yozish orqali talon-toroj qilingan.

Bundan tashqari, jamg‘arma hisobidan qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini bajarishda jami 7,4 mlrd so‘m pul talon-toroj qilingani va noto‘g‘ri sarflangani aniqlandi.

«Qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatildi», — deyiladi xabarda.