27 avgust kuni, navoiyshunos olim, shoir va yozuvchi Akrom Malik 4 yildan so‘ng qamoqdan ozodlikka chiqqani ma’lum bo‘ldi. U O‘zbekiston mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan bir guruh mahkumlar qatorida avf etilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Akrom Malikov (tahallus — Akrom Malik — tahr.) 2016 yil iyul oyida Milliy xavfsizlik xizmati (hozirda Davlat xavfsizlik xizmati — tahr.) tomonidan qamoqqa olingan. Shunda u Jinoyat Kodeksining 159-moddasi («Konstitutsion tuzumga tajovuz») hamda 244-moddasi («Jamoat xavfsizligiga tahdid») bilan ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

«Akrom Malikning muholifatdagi Muhammad Solih bilan hamkorligi va „Abdulloh Nusrat“ tahallusi bilan yozgan siyosiy-tanqidiy maqolalari jinoyat sifatida baholangan», — deyiladi xabarda.

Shoir va yozuvchi Akrom Malik qamoqda ham ilmiy va badiiy ijod bilan mashg‘ul bo‘lib, uning «Jangchi», «Halqa» kabi qissalari, «Qalbning ichidagi nur» risolasi va bir necha she’rlari ijtimoiy tarmoqlardan jamoatchilikka yetib borgan, deya ma’lum qilinadi.

Xabar.uz nashrining yozishicha, 2019 yili Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi 48-manzil-muassasada jazo muddatini o‘tayotgan Akrom Malik mazkur muassasada saqlanayotgan mahkumlar nomidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga tabrik yo‘llagandi.