Andijon va Xorazmda fuqarolarni 4 ming AQSH dollariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi, deya ma’lum qildi «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyat boshqarmalari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon davlat universiteti o‘qituvchisi A.X. oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari boshlanganidan foydalanib, firibgarlik yo‘li bilan daromad orttirib qolish maqsadida fuqaro O.A.ning ishonchiga kirib, uni ushbu universitetning Fakultetlararo jismoniy madaniyat va sport yo‘nalishiga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 4000 AQSH долларини olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Xuddi shunday, Departamentning Urganch shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh. K. firibgarlik yo‘li bilan daromad orttirish maqsadida fuqarolar D.S. va Z.A.larning ishonchiga kirib, ularni Urganch Davlat universitetining Jismoniy tarbiya va tasviriy san’at yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga mazkur universitetning 3-bosqich talabasi M.A. orqali 4000 AQSH долларини olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Ta’kidlanishicha, mazkur holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.