19 avgust kuni Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini 3mln so‘mdan 19 mln so‘mgacha asossiz oshirganini tasdiqlagan edi.

Shunga ko‘ra komissiya UzAuto Motors kompaniyasiga narxlarni asossiz oshirilgan qismini bekor qilib, avtomobillarni kamaytirilgan narxlarda sotish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Shuningdek, mart oyidan buyon, ya’ni yangi asossiz oshirilgan narxlarda avtomobillarni sotib olgan mijozlar bilan qayta hisob kitob qilish topshirig‘i berildi.

«UzAuto Motors» kompaniyasi asos keltirish uchun zarur qo‘shimcha materiallarni tayyorlashga muddat qisqa ekanligi tufayli, ish ko‘rib chiqilishi keyinroqqa qoldirilishini so‘rab iltimosnoma yuborganligini aytmoqda.

«Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ish bir taraflama ko‘rib chiqildi, uning yakunida noto‘liq ma’lumotlarga asoslangan qaror qabul qilindi», — deyiladi kompaniya xabarida.

Kompaniya avtomobillarni ishlab chiqarish murakkab jarayon bo‘lib, uni o‘rganish yetarlicha vaqt talab etishini, «UzAuto Motors» faoliyatini yanada chuqurroq va asosliroq o‘rganish kelgusi sud muhokamalari davomida mumkin bo‘lishini aytmoqda. Kompaniya o‘zining shikoyat qilish huquqidan foydalanishni rejalashtirgan.

Kompaniya Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qoshidagi maxsus komissiya qabul qilgan qaror uzil-kesil hisoblanmasligini, keyingi xatti-harakatlar sud muhokamalari yakunlaridan kelib chiqib belgilanishini ta’kidladi.

O‘z navbatida, kompaniya avtomobillar narx asosli ekanligini va hozirgi vaziyatda narxni pasaytirish imkonsizligini aytgan.