18 avgust kuni soat 15:00 larda Samarqand viloyatining Urgut tumanida «ZIL-MMZ-554» rusumli yuk avtomashinasi va Cobalt ishtirokida ayanchli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar qildi.

Hodisa «Baxrin» MFY hududidan o‘tuvchi M-39 avtomobil yo‘lining 1114-kilometrida sodir bo‘ldi. Haydovchi (1999 y.t.) D.A. «ZIL-MMZ-554» rusumli yuk avtomashinasini boshqarib ketayotib, yo‘lning xavfli burilish joyida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va ro‘paradan kelayotgan haydovchi (1988 y.t.) A.J. boshqaruvidagi Cobalt bilan to‘qnashuv sodir etgan.


Natijada, Cobalt haydovchisi va yo‘lovchisi 49 yoshli A.Sh. tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etishgan. Yo‘lovchilar 13 yoshli N.T. va 5 yoshli I.B. esa tan jarohatlari bilan shifoxonada vafot etishgan.

Shuningdek, ushbu avtomobil yo‘lovchilari 45 yoshli L.M., 29 yoshli M.X. va 3 yoshli A.B. tan jarohatlari olib shifoxonaga yotqizilgan.

YTH yuz bergan joyda 1.12.2 — «Xavfli burilishlar» ogohlantiruvchi yo‘l belgisi o‘rnatilgan. «ZIL-MMZ-554» yuk avtomashinasi haydovchisi D.A. yil davomida ikki marotaba yo‘l belgilariga amal qilmasdan qoidabuzarlik sodir etgan. Uchinchi qoidabuzarlik ayanchli YTH bilan yakun topdi.

Mazkur YTH yuzasidan 18 avgust kuni Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sal avval xuddi shu tumanda «Moskvich» haydovchisi yo‘lni velosipedda kesib o‘tayotgan besh yoshli bolani urib yuborgani va bola shifoxonada vafot etgani haqida xabar bergan edik.