Koronavirus pandemiyasi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tezlashtirishni taqozo qilmoqda. Bugungi kunga kelib, karantin choralari tufayli vujudga kelgan iqtisodiy muammolarni yengib, oldinga harakat qilish lozim.

Biz islohotlar haqida 1991 yildan buyon gapirib kelamiz (undan avval qayta qurish islohoti bo‘lgan). Ular har doim «keng miqyosli» va «ko‘p sohani qamrovchi» deb ta’riflangan. Bu esa, baholarning balandparvozligiga ahamiyat bermasak, hayotimizning barcha sohalaridagi ko‘plab, katta yoki kichik, chora-tadbirlarni anglatadi. Biroq tizimli yondashuvga ko‘ra, tizimning iyerarxik tuzilishi tufayli o‘zgarishlar bir vaqtning o‘zida va bir xil intensivlikda sodir bo‘lmaydi. Bu yerda qanday vazifa eng ustuvor, eng asosiysi ekanligini aniqlash muhim.

Kelajagimiz xavfsizligining kaliti innovatsion iqtisodiyot ekanligi barchaga ma’lum. Men ilgari ham bilimga asoslangan innovatsion iqtisodiyotning o‘ziga xos xususiyati, uning nisbatan qisqa davr ichida katta o‘zgarishlarga erishib, samarali va raqobatbardosh iqtisodiyotni yaratishi mumkinligi haqida so‘z yuritganman. Bu esa «quvib yuruvchi» iqtisodiyotlar qatoridan ilg‘or iqtisodiyotga o‘tishni anglatadi. Innovatsiyalar va dinamik innovatsion iqtisodiyotning asosiy drayveri esa sifatli ta’lim olgan, yaratuvchan va muvaffaqiyatga intiluvchi inson kapitali hisoblanadi. Buning uchun mamlakatda sifatli ta’lim tizimi va kuchli ilm-fan maktabi bo‘lishi lozim.

2018 yilda Prezidentning «2019−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» farmoni qabul qilindi. Unda murakkab va uzoq ko‘zlangan maqsad qo‘yilgan: 2030 yilga kelib Global innovatsion indeks reytingida O‘zbekistonni dunyoning 50 ta eng ilg‘or mamlakati qatoriga kiritishga erishish.

Strategiyaning asosiy maqsadi — «mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish"dir.

Mamlakatning innovatsion rivojlanishida inson kapitalining ahamiyati haqida matnda aniq yozilgan bo‘lsada, amaliyotda ba’zida buning teskarisi bo‘lib turibdi: innovatsion iqtisodiyot deganda ko‘pchilik, jumladan, davlat amaldorlari hali-hanuz ishlab chiqarish texnologiyalarini tushunadilar.

Bunday qo‘pol xato strategiyada belgilangan asosiy tushunchaning e’tibordan chetda qolishiga olib keladi. Asosiy g‘oya esa «barcha darajada ta’lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta’minlash, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta’lim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish»ni o‘z ichiga oladi.

Pedagogik ta’limning ahamiyati

Ilm-fan va ta’lim — aynan shular mamlakatning raqobatbardoshligi, uning innovatsion rivojlanishini ta’minlovchi inson kapitalini yaratishi lozim. Bizning kelajagimiz ham shunga bog‘liq.

Shunisi aniqki, innovatsion rivojlanishning drayverlari bo‘lishga qodir mutaxassislar paydo bo‘lishi uchun, hech bo‘lmaganda, xalqaro talablarga javob beruvchi universitet ta’limi bo‘lishi lozim. Bunga erishishimizga esa hali ko‘p qovun pishig‘i bor.

Faraz qilaylik, biz shunday oliy ta’lim tizimini yaratdik. Biroq yangi muammoga duch kelamiz: maktab bitiruvchilarining ko‘pi u yerlarda tahsil ololmaydilar. Sababi esa maktablar ta’limining sifatidir.

Biroq bolalar maktabga ham o‘z-o‘zidan kelib qolmaydi. Maktabgacha ta’lim vazirligi bolalarni maktabga tayyorlash jarayonida ularga zamonaviy bilimlarni o‘rgatishi va tahliliy fikrlashga tayyorlashi lozim. Prezidentimiz aytganidek, «agar biz 10 yil davomida maktabgacha ta’lim-maktab-oliy ta’lim muassasasi tizimida ishlasak, jamiyatimizda ko‘zlari chaqnab, kelajakka ishonch bilan boquvchi va hech kimdan qo‘rqmaydigan insonlar paydo bo‘ladi».

Aynan shu insonlar mamlakatimizni ilg‘or mamlakatlar qatoriga kiritishga qodir yoshlardir.

Agar maktabgacha ta’lim, o‘rta, oliy va undan keyingi ta’limni isloh qilmas ekanmiz, rivojlangan innovatsion iqtisod ham bo‘lmaydi. Muhimi shuki, sekin qadamlar bilan o‘zgarishlarga erishib bo‘lmaydi. «Sekin yursang, uzoqqa borasan» maqoli bu holatda amal qilmaydi.

Aynan shu sababdan pedagogik ta’lim tizimidagi islohotlar juda muhim hisoblanadi. Vaqt buni bizga allaqachon isbotlagan. 2017 yilda mavjud pedagogika universitetlariga qo‘shimcha sifatida 15 ta OTMda pedagogik mutaxassislik bo‘yicha qo‘shimcha sirtqi bo‘limlar ochildi. Joriy yildan yana besh hududda ham yangi pedagogik institutlar ochilmoqda. 2018−2019 yillarda xalq ta’limi sohasida bir qator muhim hujjatlar, avvalambor, 2030 yilgacha xalq ta’limi tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilingan.

Pedagogik ta’limni isloh qilish nega shu qadar muhim? O‘qituvchi shaxsi har qanday ta’lim tizimida markaziy bo‘g‘in hisoblanadi. U asosiy rol o‘ynovchi shaxsdir: o‘qituvchi qanday bo‘lsa, o‘quvchilar ham (ularning bilim, ko‘nikmalari, qabul qilishlari) shunday bo‘ladi. Demak, davlat iqtisodiyoti ham shunga qarab shakllanadi. Ulardan qay biri OTMga kirishi yoki jamiyatimizda bir necha yildan keyin kelajakka ishonch bilan boquvchi yuqori ma’lumotli va hech narsadan qo‘rqmaydigan avlod paydo bo‘lishi ham aynan ularga bog‘liqdir.

Hech kim o‘qituvchining maktabdagi roli haqida e’tiroz bildirmaydi go‘yo. Biroq buni tan olishning o‘zi yetarli emas. Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha xalq ta’limi tizimini rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmonida konsepsiyaning asosiy maqsadi sifatida «umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari»ni aniqlash belgilangan.

E’tiborlisi shuki, bu tizimli islohotdir. So‘nggi paytlarda bu tushuncha urfga kirmoqda. Hamma tizimni o‘zgartirish kerak deb bong uradi, biroq buning zamirida nima borligini hech kim tushuntirib bera olmaydi. Tizimli islohot, tizimli yondashuv, tizimli tahlil tushunchalarini har qanday ilmiy yoki publisistik maqolada, dissertatsiyalarda uchratish mumkin, aslida esa mualliflar u haqida aniq tushunchaga ega bo‘lmay, uni kompleks yondashuv bilan adashtiradilar.

Tizimli yondashuv qandaydir tushunchaga tizim (bizning misolda — ta’lim tizimi), ya’ni o‘zaro tartib va bog‘liqliklar bir butunlikni hosil qiluvchi elementlar jamlanmasi sifatida qarashni nazarda tutadi. Murakkab tizimlarda bu elementlar birinchi darajadagi kichik tizimni, ular esa, o‘z navbatida, ikkinchi darajali kichik tizimni hosil qiladi va hokazo. Elementlar, kichik tizimlar, ular orasidagi nisbat va aloqalar murakkab iyerarxiyani hosil qiladi.

Dinamik tizimlarda ularning holati, elementlar miqdori, iyerarxiyasi ular orasidagi munosabatlar kabi harakatda bo‘lib, o‘zgarishi mumkin va bu tahlil qilishni murakkablashtiradi. Ta’lim tizimi esa, har qanday ijtimoiy voqelik kabi dinamik voqelikdir. Maqolaning boshida ta’kidlanganidek, tizimli yondashuvda yadro, hal qiluvchi bo‘g‘in, matritsani, butun tizim ishlashi nimaga bog‘liqligi va oxir-oqibat, uning samaradorligini aniqlash juda muhimdir.

Bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlashda asosiy vazifa — talaba va o‘qituvchilar hozirgi bog‘cha va maktab yoshidagi bolalar ulg‘ayganida qanday dunyoda yashashlarini tushunishlari kerak. Ta’lim sohasida qanday strategiyalarni ilgari surishimiz ham shunga bog‘liq.

Bu nihoyatda muhim. Biz kimsasiz orolda hayot kechirib, u yerda alohida mamlakat barpo qilayotganimiz yo‘q. Tizimli yondashuvdan gap ochgan ekanmiz, aytish joizki, har qanday mamlakat muayyan muhitda mavjud bo‘ladi, muhit va tizim orasida (xalqaro maydon, tabiat) esa ularga ta’sir qiluvchi turli o‘zaro jarayonlar yuz beradi.

Amerikalik jamiyatshunos, siyosatchi va faylasuf, zamonamizning yorqin mutafakkirlaridan biri, dunyo-tizim nazariyasining muallifi Immanuil Vallerstaynning ta’kidlashicha, ko‘plab siyosatchilar o‘z mamlakatlari jahon tizimining bir qismi ekanligini unutib qo‘yib, qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymoqdalar. Bu tizim qanday rivojlanayotganini inobatga olmay, ishonch bilan ushbu mamlakatlarning o‘tmishi yoki kelajagi haqida biror nima deyish mumkin emas.

Bugun biz SPOD-dunyodan (Steady — barqaror; Predictable — oldindan aytib bo‘ladigan; Ordinary — oddiy; Definite — aniq) VUCA-dunyoга (Volatility — o‘zgaruvchanlik; Uncertainty — noaniqlik; Complexity — murakkablik; Ambiguity — mujmallik) o‘tayotganimiz haqida ko‘p aytilmoqda. Bizni kelajakdan turib o‘ziga chorlovchi dunyo zamonaviy ta’lim oldiga vazifalar qo‘yadi va uning yo‘nalishlarini aniqlaydi.

Ko‘pchilik maktab bolalari va talabalarga umumiy bilimlarni emas (fundamental fanlar sohasidagi mutaxassislar boshqa masala), balki yangi dunyoda qo‘llaniluvchi bilim, ko‘nikma va malaka berish lozim. Shunda bu bilimlar noaniqlik va beqarorlik hukm surgan sharoitda ham tashuvchisining moslashuvchanligi, ham moliyaviy sermahsullik jihatidan samarali bo‘ladi. Shuningdek, shu nuqtayi nazardan, bizda nimalar mavjudligi va nimalar qilishimiz lozimligiga ham baho berishimiz lozim.

Ta’limning shaxsga yo‘naltirilgan tizimi

Odatda, maktab matematika, fizika, tarix kabi fanlardan umumiy bilimlar berishi lozim hisoblanadi. Bu XVII-XIX asrlarda vujudga kelgan ta’limning bilimga yo‘naltirilgan shakli bo‘lib, uning asosida bolalarga barcha fanlardan umumiy bilimlarni berish yotadi. Oliy ta’limda esa xuddi shu tizim tor soha mutaxassislarini tayyorlashda qo‘llanilgan.

Bu tizim o‘zini oqlay olmadi, XX asrda bunga ikki omil sabab bo‘ldi: ma’lumotlar, axborot bazasi, ilm-fandagi kashfiyotlar va ixtirolar aql bovar qilmas darajada ko‘payib ketdi, na maktab, na universitet bu o‘zgarishlarning izidan quvib yeta oldi. Bir paytning o‘zida, jamiyatdagi o‘zgarishlar tufayli zamonaviy yoshlar o‘zlashtirayotgan ko‘pchilik kasblar yaqin kelajakda yo‘q bo‘lib ketmoqda.

Butun XX asr va hozirgi asr bizdan shaxsga yo‘naltirilgan ta’limga o‘tishni taqozo qilmoqda. Uning asosida esa ma’naviy, muloqot va kognitiv (yaratuvchan, tanqidiy, tizimli va nostandart fikrlash, keng dunyoqarash, hissiy idrok, katta va o‘zgaruvchan ma’lumotlar bazasi bilan ishlay olish qobiliyati va hokazo) sifatlari doimiy o‘zgarib borayotgan muhitda shaxsning rivojlanishi yotadi.

Ko‘p hollarda fan tamoyili emas, balki fanlararo mezondan kelib chiqqan holda dars beriladi (STEAM, Liberal Arts), bu esa tor soha mutaxassislarining qo‘lidan kelmaydi. Bu yo‘nalishda ham biz rivojlanishimiz lozim.

Shu sababdan pedagogik oliy ta’lim muassasalarida (maktab bitiruvchilarining sifati nuqtayi nazaridan) kimlar o‘qitilishi, kim o‘qitishi, nimalar, nima maqsadda va qanday o‘qitilishi — bizning kelajagimiz, boringki, milliy xavfsizligimiz masalasidir. Men ular haqida oldin ham to‘xtalganman.

Pedagogik ta’limdagi yangi tizimning xususiyatlari

Oxir-oqibat, biz pedagogik ta’limning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi konsepsiyasini ishlab chiqishimiz lozim bo‘ladi:

  • Yangi dunyoda kelajak avlod murabbiylari sifatida ta’limning shaxsga yo‘naltirilgan tizimida o‘z maqsadini aniq anglovchi bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlashning yangi tizimi (yuqorida aytib o‘tilganidek, bu yerda o‘z fanini bilish kifoya qilmaydi);
  • Yangi vazifalarga mos ravishda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning yangi tizimi;
  • Barcha darajalarda kadrlarni tanlov asosida tanlash;
  • Zamonaviy pedagogik texnologiyalar bo‘yicha ma’lumotlar bankini yaratish, ularni o‘zlashtirish va joriy qilish. Ta’lim vazirliklari, malaka oshirish institutlari va pedagogika universitetlari qoshidagi muvofiq ilmiy markazlarda bunday texnologiyalarni joriy qilishga ixtisoslashgan institutni yaratish;
  • «Ilm-fan — ta’lim — amaliyot» oltin uchburchagini yaratish;
  • Pedagogik oliy ta’lim muassasalari, ta’lim vazirligi bo‘limlari, maktab rahbarlari va o‘qituvchilar tarkibi faoliyatini baholash va boshqarishning yangi tizimi;
  • Antikorrupsion mexanizm va rahbar hamda pedagoglar mas’uliyati mexanizmi;
  • Oliy ta’lim muassasalari va boshqa ta’lim muassasalarining sezilarli avtonomiyasi (metodik vaa moliyaviy jihatdan), maktablarga ijod va pedagogik metodikalarni tanlash erkinligini taqdim qilish;
  • Qo‘llab-quvvatlovchi tizim va pedagogik mehnat to‘lovini oshirish hamda asossiz tenglashtirishdan prinsipial chekinish;
  • Ta’lim muassasalari va qo‘llaniluvchi pedagogik texnologiya turlarini oshirish va raqobatni qo‘llab-quvvatlash;
  • Ta’lim dasturlari maydonini kengaytirish, tanlov fanlarining mavjud bo‘lishi va fakultetlarning turli-tuman bo‘lishi;
  • Ilg‘or tajribalar, jumladan, xorij tajribasidan foydalanish;
  • Xorij o‘qituvchilari va metodistlarini faol taklif qilish.

Ta’kidlash joizki, 2030 yilgacha xalq ta’limini tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi yetarlicha batafsil ishlab chiqilgan bo‘lib, ko‘plab g‘oya va yondashuvlarni, jumladan, yuqorida aytib o‘tilganlarni o‘z ichiga oladi. Biroq pedagogik ta’lim masalasi alohida masaladir, shu tufayli pedagogik universitetlar haqida alohida qaror qabul qilish muhim ahamiyatga ega.

Muhimi, bizning shunchaki sifatli ta’lim tizimi yoki yangi pedagogik texnologiyalar, yangi kadrlar va darsliklarga emas, balki to‘la kelajakka qaratilgan yangi ta’lim tizimiga ehtiyojimiz bor.

Konsepsiyada nazarda tutilgan har qanday g‘oya va yangilik bizga kelajakda nima berishini aniq anglamog‘imiz lozim. Buning uchun esa ushbu kelajak bilan tanishish, unga boradigan yo‘llarni ko‘rish, bugungi kunning asosiy tamoyillarini anglab yetish va ularni yangi ta’lim loyihasiga kiritish lozim. Bugun kelajakning yangi ta’lim tizimini yaratuvchi mamlakatlar ertangi kunda dunyo iqtisodiyotining yetakchilariga aylanadilar.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Valeriy Xan — faylasuf, tarixchi va antropolog. Falsafa fanlari nomzodi (1986), dotsent (1992). Hozirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti. O‘zbekiston Milliy Universiteti qoshidagi Strategik rivojlanishni rejalashtirish markazi rektori va direktorining maslahatchisi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining o‘rinbosari, Yangi tarix markazi bosh mutaxassisi sifatida faoliyat olib borgan. Janubiy Koreyaning Xoso (1998−2000), Xanyang va Sonkyungvan (2011) universitetlarida dars bergan. AQSH va Janubiy Koreyaning ilg‘or universtitetlarida ommaviy leksiyalar bilan chiqishlar qilgan.

Maqola tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi.