Seshanba kuni Nukusda Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi Ataulla Matkarimovich Xudaybergenov 81 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Axborot agentligi xabar qildi.

Ataulla Xudaybergenov 1940 yili To‘rtko‘l tumanda dunyoga keldi. 1962 yilda Toshkent to‘qimachilik institutini tamomlagan va paxta sanoati sohasida faoliyatini boshlagan.

1966−1975-yillari To‘rtko‘l paxta tozalash zavodida, 1975−1986-yillarda «Qoraqalpoqpaxtasanoat» trestida va 1988−2007-yillarda Qo‘ng‘irot paxta tozalash korxonasida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

Bir necha marta To‘rtko‘l tuman kengashi deputatligiga saylangan, Qoraqalpog‘iston Oliy Kengashi deputati bo‘lgan.

Ataulla Xudaybergenov — sobiq Qoraqalpog‘iston ASSR sog‘liqni saqlash vaziri va O‘zbekiston SSR sog‘liqni saqlash vaziri, 2017 yilda vafot etgan Abdulla Xudaybergenovning ukasi.